2022 yil 14-15 fevral kunlari “Globallashuv sharoitida hozirgi zamon Osiyo konstitutsionalizmining o‘ziga xos xususiyatlari va o‘zgarish sur’atlari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Har yili o‘tkaziladigan konferensiyaning bu galgi tashkilotchilari Osiyo Huquqiy almashinuvlar markazi va Yaponiyaning Nagoya universiteti huzuridagi Huquq oliy maktabi hisoblanadi.
Mazkur an’anaviy anjumandan ko‘zlangan maqsad – keyingi o‘n yilliklar davomida Osiyo qit’asi mamlakatlarida konstitutsionalizm barpo etish borasida erishilgan natijalar yuzasidan o‘zaro axborot va tajriba almashishdan iborat.
Anjumanda Osiyo va Yevropaning o‘n beshdan ortiq mamlakati akademik hamjamiyatlari va universitetlari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanning birinchi kuni Yevroosiyo makonidagi mamlakatlar konstitutsiyaviy taraqqiyot istiqbollari muhokama qilindi. Unda Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Qozog‘iston va O‘zbekistondan yetakchi mutaxassislar so‘zga chiqdilar.
Konferensiya ishida mamlakatimizdan – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov yetakchi ekspert va ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi.
Akademik A.Saidov anjuman ishtirokchilariga hozirgi dunyoda Konstitutsiyaning tutgan o‘rni va ahamiyati, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy modellari to‘g‘risida so‘zlab berdi. U Markaziy Osiyo mamlakatlari konstitutsiyaviy taraqqiyotining o‘ziga xos xususiyatlari haqida fikr yuritar ekan, O‘zbekistonning bu boradagi tajribasiga alohida to‘xtaldi.
Mamlakatimizda Asosiy Qonunni qabul qilish jarayoni ikki bosqichli umumxalq muhokamasi orqali amalga oshirilgan. Shu tariqa Bosh Qomusimiz tom ma’noda xalqchil asosiy hujjatga aylangan.
Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 16 marotaba o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. 2021 yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti saylovining saylovoldi jarayonlarida jamoatchilik vakillari tomonidan kelgusida Konstitutsiyaning ayrim institutlari va normalarini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator takliflar ilgari surildi.
Bu o‘rinda, jumladan, xususiy mulkning daxlsizligi kafolatlarini yanada kuchaytirish, yerga egalik huquqini mustahkamlash, shuningdek, atrof muhitni muhofaza qilish va fuqarolarning ekolgiyaga oid huquqlarini himoya qilish masalalari nazarda tutilgan.
Anjumanning ikkinchi kunida Koreya Respublikasi, Xitoy, Singapur, Indoneziya, Tailand kabi Osiyo davlatlari vakillari ma’ruzasi tinglanib, butun Osiyo mintaqasidagi konstitutsionalizmning xususiyatlari va taraqqiyotiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Anjuman ishtirokchilari ushbu konferensiyaning Osiyo mamlakatlarida konstitutsiyaviylikni barpo etish va rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish jarayoniga qo‘shgan hissasini yuqori baholadilar.
Konferensiya davomida Osiyo huquqiy almashinuvlar markazi tomonidan tayyorlangan “Evrosiyoda zamonaviy konstitutsiyaviylik dinamikasi: mahalliy meroslar va global tendensiyalar” (Berlin, 2022) kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 16.02.2022
- Ko'rishlar: 2624
- Chop etish