Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi loyihasi – jamoatchilik muhokamasida

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari  sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyani tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishining 4-bandi ijrosi doirasida tayyorlandi.

Prezident qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish uchun joylashtirildi.

Inson huqulari sohasidagi ta’lim – O‘zbekistonda inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan, bu borada hal etilmagan qator masalalar, kamchiliklar va foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud. Jumladan:

  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Inson huquqlarini o‘rganish” mavzusidagi maxsus o‘quv kursi barcha oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichi talabalariga 2020/2021 o‘quv yili 1-semestridan joriy etilishi to‘g‘risidagi topshirig‘iga qaramasdan, barcha oliy ta’lim muassasalarida ham ushbu o‘quv kursining o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilmagan;
  • “Inson huquqlarini o‘rganish” mavzusidagi maxsus o‘quv kurslari ba’zi oliy ta’lim muassasalarida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, o‘quv kurslarini moliyalashtirish masalasi hal qilinmaganligi tufayli nomutaxassis o‘qituvchilar tomonidan o‘qitilmoqda;
  • “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” fanlari bo‘yicha zamonaviy darsliklar, o‘quv-didaktik, multimedia materiallari mavjud emas.

Qaror loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari  sohasidagi milliy ta’lim dasturini va O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, ushbu Qaror loyihasida:

Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturining maqsad va vazifalari;

Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturining asosiy yo‘nalishlari;

Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini amalga oshirish, bajarilishini monitoring qilish hamda moliyalashtirish mexanizmi va kutilayotgan natijalar o‘z aksini topgan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiquvchi 54 ta chora-tadbirni o‘z ichiga oladi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim loyihasining dastlabki varianti 2021 yil dekabr oyida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi rasmiy veb-sayti orqali jamoatchilik uchun taqdim etilgandi. Natijada loyiha bir qator taklif va tavsiyalar bilan takomillashtirildi.

Shuningdek, ushbu loyiha 2021 yil 10-11 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida xalqaro va milliy ekspertlar tomonidan keng muhokama kilingan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech