Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya ijrosi: O‘zbekistonning Oltinchi davriy ma’ruzasi muhokamasida fuqarolik jamiyati vakillari ham qatnashmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish bo‘yicha qo‘mitasining 81-sessiyasi 16 fevral kuni o‘z ishini davom ettirdi. Unda BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Oltinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqildi.

BMT qo‘mitasi sessiyasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi onlayn  ishtirok etmoqda.

Sessiya ishida, shuningdek, o‘nga yaqin nodavlat notijorat tashkilot vakillari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazidan konferens-aloqa orqali masofadan qatnashmoqda. Fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu faollari Konvensiya qoidalarini amalga oshirish doirasida Oltinchi davriy ma’ruzani tayyorlashga yaqindan ko‘maklashgan.

Davriy ma’ruzada O‘zbekiston tomoni xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirayotgan ishlarga oid ma’lumotlar qayd etilgan. Mamlakat hayotining barcha sohalarida kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yoritilgan, amalga oshirilayotgan islohotlarning ko‘lami va ma’no-mohiyati ochib berilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech