Joriy yilning 12 — 18 fevral kunlari Buyuk Britaniyaning Global Partners Governance Foundation nodavlat tashkilotlari vakillari mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
2022 yil 17 fevral kuni parlament quyi palatasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov Buyuk Britaniya Lordlar palatasi a’zosi A.Satti hamda “Global sheriklar boshqaruvi jamg‘armasi” vakillari Z.Ikbal va E.Uolkerlar bilan uchrashdi.
A.Saidov mehmonlarni samimiy qutlab, ularga mamlakat parlamenti quyi palatasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, xususan, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘yicha qo‘mita hamda Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi faoliyati haqida ma’lumot berdi.
Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi A.Satti samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya munosabatlarini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga egaligini, ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish lozimligini ta’kidladi.
Global Partners Governanse Foundation (GPGF) nodavlat tashkiloti rivojlanayotan mamlakatlarda parlamentarizm va davlat boshqaruvini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan Buyuk Britaniyaning eng ilg‘or strukturalaridan biri hisoblanadi.
GPGF o‘zini ijtimoiy fond sifatida tanishtiradi va jahon mamlakatlarida siyosiy institutlarni mustahkamlash va ko‘maklashish uchun faoliyat olib boradi. Ya’ni, ikki yo‘nalishda: birinchidan, GPGF xodimlari va hamkorlari bevosita davlatlarning siyosatchilari, parlamentlari va vazirliklari bilan ishlaydi, ularning samarasini oshirish uchun maslahat yordamini ko‘rsatadi.
Ikkinchidan, GPGF tahliliy ma’ruzalarni tayyorlaydi, xalqaro donorlar uchun tavsiyalarni bajarib beradi va ular yordam ko‘rsatmoqchi mamlakatlarda davlat boshqaruvini yaxshilash bo‘yicha maslaxatlar beradi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, Oliy Majlisning inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi hamda Buyuk Britaniyaning Global sheriklar boshqaruvi jamg‘armasi nodavlat tashkiloti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi 2021 yil fevral oyida tuzilgan.
Ushbu Memorandumga asosan, inson huquqlari sohasidagi qonunchilikni va uning amalda qo‘llanishini, ushbu sohadagi xalqaro standartlar va amaliyotga muvofiq ravishda takomillashtirish maqsadida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish manfaatdorligini nazarda tutilgan.
Uchrashuv davomida GPGF tashkiloti Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etish parlament komissiyasi bilan ishlashning bir qismi sifatida parlament so‘rovlarini olib borish uchun ilg‘or tajriba modelining loyihasini taklif etdi.
Muloqot so‘nggida bildirilgan taklif va tavsiyalardan kelib chiqib, kelgusida hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 17.02.2022
- Ko'rishlar: 2622
- Chop etish