Milliy markaz Islom hamkorlik tashkiloti Komissiyasi bilan hamkorlikni davom ettirmoqda

“Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) tomonidan Istanbul shahrida inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha tashkil etilgan xalqaro seminar muhim mavzuga bag‘ishlangan. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mazkur anjuman tashabbuskorlaridan biri – IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi bilan inson huquqlarini rivojlantirish borasida faol hamkorlik qilib kelmoqda”.

2022 yil 17 fevralda ushbu xalqaro seminarda onlayn ishtirok etgan va anjumanda so‘zga chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov shunday deb ta’kidladi.

A.Saidov qayd etganidek,  bugungi kunda O‘zbekiston bilan IHT o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston tomoni IHTni muqaddas dinimizni tinchlik va taraqqiyot omili sifatida e’tirof etadigan islom dunyosi mamlakatlarining nufuzli va samarador forumi sifatida e’tirof etadi.

Ma’lumki, 2019 yil 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining 6-seminari o‘tkazilgan. Har yili o‘tkaziladigan anjumanning poytaxtimizdagi xalqaro tadbiri “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo‘lida yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusiga bag‘ishlandi.

Toshkent seminari ishtirokchilari tomonidan yakunlovchi hujjat – IHT a’zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilindi. Deklaratsiyada xalqaro darajada va IHTga a’zo mamlakatlar tomonidan yoshlar huquqlarini to‘la ta’minlash yo‘lida amalga oshiriladigan muhim tashabbuslar bayon etilgan.

Bunday yaqin hamkorlikda, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro munosabatlar alohida o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan, kelgusida Milliy markaz bilan IHT Komissiyasi o‘rtasida amaliy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan Memorandum imzolash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Istanbul xalqaro seminari IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi va Turkiya Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etilgan. Unda irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va shu illatlar bilan bog‘liq zo‘ravonliklarga qarshi kurash masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, BMTning Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi, Durban deklaratsiyasi va Harakatlar strategiyasi doirasida erishilgan kelishuvlarning bajarilishiga to‘siq bo‘layotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech