Akademik Akmal Saidov: Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab berdi

AL-KUVAYT, 18-fevral. /«Dunyo» AA/. Quvaytning «Q8-Press» gazetasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri birinchi o‘rinbosari Akmal Saidovning  2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasiga bag‘ishlangan maqolasi arab tilida chop etildi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.

«Bugungi kunda mamlakatda demokratiya va inson huquqlarining zamonaviy mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizim mavjud bo‘lib, barcha darajadagi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati inson huquqlariga hurmatni kuchaytirish va butun mamlakat bo‘ylab inson huquqlari bo‘yicha ta’limni ommalashtirish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda, - deb yozadi muallif. - Eng muhimi,  o‘zbek jamiyati qonun ustuvorligi va inson huquqlari tamoyillariga hurmat bilan yondashadi».

Maqolada ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayayotgan Yangi O‘zbekiston - demokratiya, inson huquq va erkinliklari sohasida umume’tirof etilgan me’yorlarga qat’iy muvofiq ravishda rivojlanayotgan, xalqaro hamjamiyat bilan do‘stlik va hamkorlik tamoyillariga asoslangan davlat bo‘lib, uning pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, tinch va farovon hayotni yaratishdir.

Maqolada alohida ta’kidlanganidek, “Bugun O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, ulkan imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda. Bu jarayon so‘nggi yillardagi islohotlarimizning eng katta natijasidir”.

«Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi  «inson - jamiyat – davlat» degan ezgu tamoyilga asoslangan milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichini belgilab beradi. Shu maqsadda yangi islohotlarni amalga oshirish zaruratga va  yirik strategik vazifaga aylangan», - deb yozadi akademik Akmal Saidov.

Powered by GSpeech