Parlamentlararo Ittifoq: shaffoflik va hisobdorlik prinsiplari – amalda

2022 - yil 15 fevral kuni Parlamentlararo Ittifoqning Shaffoflik, hisobdorlik va ochiqlik masalalari bo‘yicha ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir onlayn shaklda tashkil etildi.

Mazkur Ishchi guruh Parlamentlararo Ittifoqning transparentlik, hisobdorlik va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari yuzasidan o‘tkazgan mustaqil tadqiqot natijasida tuzilgan.

Mustaqil ekspert Malika Ayt-Muhammad bu borada Parlamentlararo Ittifoq Kotibiyati taqdim etgan mustaqil mandat doirasida ish olib bordi. Ekspert tomonidan Parlamentlararo Ittifoq boshqaruvi va Kotibiyatida qo‘llanayotgan siyosat va amaliyot tahlil qilindi.

Tahlildan maqsad shunga o‘xshash tashkilotlarga taalluqli axborot, joriy siyosat va amaliyotni qiyosiy o‘rganish asosida ehtimoliy kamchiliklarni aniqlash hisoblanadi. Hisobot mualliflari tomonidan Parlamentlararo Ittifoq faoliyati shaffofligini baholashning yangi mezonlari ishlab chiqildi.

Ishchi guruh majlisida Yevroosiyo guruhi nomidan – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo‘mitasi vitse-prezidenti Akmal Saidov so‘zga chiqdi.

A.Saidov Shaffoflik, hisobdorlik va ochiqlik masalalari bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilganini qo‘llab-quvvatladi. Ushbu tuzilma Parlamentlararo Ittifoqning faoliyati uchun manfaat keltirishi hamda mazkur xalqaro tashkilot o‘z ishida shaffoflik, hisobdorlik va ochiqlikni mustahkamlashi, bu tamoyillarga yanada qat’iy amal qilishiga ko‘maklashishiga ishonch bildirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech