Akmal Saidovning maqolasi yangi davriy nashrda chop etildi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning “Nogironlar huquqlarini ta’minlash: milliy va xalqaro yondashuvlardagi o‘zaro mushtaraklik”  nomli maqolasi "Bugungi O`zbekiston" gazetasining 2022 yil 22 fevral sonida e’lon qilindi.

Maqolada, dastavval, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatimizda nogironlar huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritilgan. Keyingi yillarda bu borada Harakatlar strategiyasi doirasida erishilgan samaralar va Taraqqiyot strategiyasida belgilab olingan ustuvor vazifalarning mohiyati hamda ahamiyati tahlil etilgan.

O‘z navbatida, 2022 yil 16-17 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Nogironlik muammolari bo‘yicha Global sammit tafsilotlari keltirilgan. Maqolada ta’kidlanganidek, Global sammitda BMT va uning mintaqalardagi muassasalari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat boshliqlari va hukumat rahbarlari, aloqador vazirlik va tashkilotlar mutasaddilari, xususiy sektor vakillari va fuqarolik jamiyati faollari – jami 7 mingdan ziyod vakil ishtirok etgan. 

Muallifning fikricha, xalqaro anjumanga O‘zbekiston ham taklif etilgani, yanada muhimi, mamlakatimiz vakiliga O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari haqida axborot taqdim etish imkoniyati yaratilgani alohida diqqatga loyiq.

Chunki, birinchidan, xalqaro hamjamiyatning bunday ijobiy munosabati, bir tomondan, O‘zbekiston milliy taraqqiyot yo‘lidan og‘ishmay, dadil odimlayotganini tasdiqlaydi.

Ikkinchidan, bu jahoniy  e’tibor mamlakatimizning xalqaro maydonda o‘rni va nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganiga yana bir yorqin dalil hisoblanadi.

Uchinchidan, bularning barchasi – nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va manfaatlarini ta’minlash borasida O‘zbekiston Prezidenti olib borayotgan siyosat bilan xalqaro hamjamiyatning global sa’y-harakatlari o‘zaro uyg‘un hamda mushtarak ekanini amalda namoyon etmoqda, deyiladi maqolada.

Ma’lumot uchun: "Bugungi O`zbekiston" gazetasi yangi davriy nashr bo‘lib, 8 sahifada, 5 ming 100 adadda chiqa boshladi. Gazeta muassisi: "BUGUNGI DAVR" mas’uliyati cheklangan jamiyati. A.Saidovning maqolasi ushbu gazetaning 3-sonida chop etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech