Avval xabar berganimizdek, Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining onlayn shakldagi 71-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqish davom etmoqda.
Uchinchi davriy milliy ma’ruzani ko‘rib chiqishda O‘zbekiston tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mutasaddi davlat organlari rahbarlaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi hamda 10ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari qatnashmoqda.
Qo‘mita yig‘ilishida mehnat qilish huquqi, adolatli mehnat sharoitlari, kasaba uyushmalarini tashkil etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat qilish huquqi, kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy ta’minotga bo‘lgan huquqlarni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Qo‘mita raisi M.E. Abdel-Moneim va qo‘mita a’zolari P.Saran, L.Xennebel O‘zbekiston tomonidan Pakt qoidalari va Qo‘mita tavsiyalarini bajarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qonunchilik, institutsional, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlarni yuqori baholadi.
Shuningdek, qo‘mita a’zolari O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy milliy ma’ruzasi bo‘yicha savollar bilan yuzlandi. Interfaol muloqot davomida O‘zbekiston delegatsiyasi savollarga amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti, davlat statistik ma’lumotlariga asoslanib tushuntirishlar berdi.
Qo‘mita a’zolari tomonidan taqdim etilgan savollar tahlili shuni ko‘rsatadiki, xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish sohasidagi islohotlarni qo‘llab- quvvatlaydi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 24.02.2022
- Ko'rishlar: 2840
- Chop etish