BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasida O‘zbekistonning Uchinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlandi

2022 yil 24 fevral kuni Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining onlayn shakldagi 71-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlandi.

O‘zbekistonning uchinchi davriy ma’ruzacini ko‘rib chiqishning uchinchi kunida O‘zbekiston tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi 20 ga yaqin mutasaddi davlat organi rahbarlaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi va 10 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilot vakillari onlayn qatnashdi.

BMT Qo‘mitasi yig‘ilishida oila, onalik va bolalikni himoya qilish, yetarli darajada turmush darajasiga bo‘lgan huquq, ya’ni uy-joy va oziq-ovqatga bo‘lgan huquq, shuningdek, jismoniy va ruhiy salomatlikning eng yuqori darajasiga erishish huquqi, ta’lim olish huquqi va madaniy huquqlar masalalari muhokama qilindi.

Qo‘mita raisi M.E. Abdel-Moneim O‘zbekiston delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan amaliy muloqot uchun o‘z minnatdorchiligi izhor qildi. Shuningdek, M.E. Abdel-Moneim bugungi kunga qadar O‘zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda amalga oshirilayotgan jadal islohotlarda Harakatlar strategiyasining ahamiyati yuqrori bo‘lganini ta’kidladi. Shu bilan birga, yangi qabul qilingan Taraqqiyot strategiyasi  mamlakat rivojini ushbu sohalarda yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonch bildirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech