“Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi bo‘lgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi. Duogo‘y momolarimiz, mushtipar onalarimiz va aziz opa-singillarimiz bu ehtirom va e’tiborning albatta qadriga yetadilar. Ayol qadri, inson qadri ulug‘langan yurtda esa, tinchlik va farovonlik, ahillik va baraka albatta barqaror bo‘ladi”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta’kidlangan ushbu samimiy fikrlar mamlakatimizning turli hududlari va mehnat jamoalarida bo‘lib o‘tayotgan bayram tadbirlarida muntazam yangramoqda.
Shunday tadbirlardan biri Toshkent viloyati Zangiota tumani ko‘ptarmoqli markaziy poliklinikasida bo‘lib o‘tdi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining matbuot kotibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli shoir va tarjimon G‘ulom Mirzo, Zangiota tuman sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Kamoliddin Rahimov, mazkur poliklinika bo‘lim mudiri Muhabbat Nosirova ishtirok etdi.
Bayram tadbirida har qanday jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati va g‘amxo‘rligi bilan belgilanishi qayd etildi. Shu ma’noda, xalqimizni rozi qilishdek oliy maqsadga erishish uchun xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangani bejiz emas.
Tadbir yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari nashr ettirgan yangi kitoblar taqdimoti va mushoira tashkil etildi.
Shifokor, hamshira, tibbiy xizmatchi xotin-qizlarga kitoblar va sovg‘alar ulashildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.03.2022
- Ko'rishlar: 2611
- Chop etish