“Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni muborak bo‘lsin!

 So‘ngi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida mamlakatimiz ayollarining jamiyat hayoti va davlat faoliyati bilan bog‘liq jarayonlardagi faol ishtiroki tobora ortib bormoqda.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi farmoniga muvofiq,  faol va tashabbuskor,  sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni  targ‘ib etishda ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni taqdirlash maqsadida “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan.

 Respublika komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlash uchun 819 ta hujjat taqdim etilgan. Shu asosda onalik, mo‘tabarlik maqomiga munosib yutuqlarga erishgan, respublika miqyosida, hududlarda, mahallalarda ibratli faoliyat ko‘rsatayotgan, oilasidagi ma’rifiy muhit bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishni hayot tarziga aylantirgan opa-singillarimiz, munis onaxonlarimizdan 282 nafari “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

 Mukofotga sazovor bo‘lganlar orasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Hisob-kitob bo‘limi boshlig‘i Dilbar Shodmonova ham bor. Hamkasbimizning “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni taqdirlanishi, bir tomondan, yillar davomida el-yurt oldidagi xizmatlarining munosib bahosi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, boy mehnat tajribasi, hayotiy hikmatlari bilan jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasining e’tirofi hamdir.

Milliy markaz jamoasi  Dilbar opani   ushbu yuksak mukofot bilan muborakbod etib, kelgusidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.

 

    Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech