“Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida”

“O‘zbekiston ko‘plab yutuqlarga erishmoqda”

Serajul Islom, Bangladesh investitsiyalarni rivojlantirish tashkiloti ijrochi direktori:

– Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida qator ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar, konstruktiv muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda. 30 dan ziyod tadbir, 200 ga yaqin loyiha taqdimoti ko‘zda tutilgan. Bularning bari kelgusidagi istiqbolli rejalarni amalga oshirishda drayver vazifasini o‘taydi, deyish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar orqali butun Osiyoda pragmatik o‘zgarishlar yuz beryapti, mintaqaning salohiyati oshmoqda, savdoga bo‘lgan talab, iqtisodiy sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilyapti.

Bangladeshlik investorlar mazkur forumga katta tayyorgarlik ko‘rishdi. Zero, o‘nlab davlatlar vakillari bilan muhim uchrashuvlar tashkil etilishi, memorandumlar imzolanishi kutilyapti. Mamlakatlarning iqtisodiy salohiyati namoyish etilayotgan ekan, bor imkoniyatimizni ishga solamiz.

Omer Kojaman, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari:

– O‘zbekistonda tashkil etilgan mazkur xalqaro investitsiya forumi doirasida ko‘plab nufuzli ekspertlar bilan yaqindan tanishdim. Menimcha, dunyoning turli nuqtalaridan kelgan vakillarni birlashtirib turuvchi bir jihat bor: qatnashchilarning barchasi yurtingizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etyapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari natijasi o‘laroq, “Yangi O‘zbekiston” so‘nggi yillarda ijtimoiy, iqtisodiy yo‘nalishlarda va tashqi siyosat doirasida ko‘plab yutuqlarga erishmoqda.

Ulug‘bek Mahmirzayev, Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA

Powered by GSpeech