Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Yirik anjuman doirasida “Transport tizimlarini raqamlashtirish” mavzusida mahalliy va xalqaro soha vakillari o‘rtasida davra suhbati tashkil etildi.

– Biz ta’minot zanjiri va logistikani optimallashtirish uchun raqamli vositalardan foydalanamiz, – deydi O‘rta Sharq biznes xabi bo‘lgan “DP World” kompaniyasi operatsion bosh direktori Mahmud Al-Bastaqiy. – Yuk tashishning avtomat tizimi yetkazib beruvchidan mijozning eshigigacha bo‘lgan barcha nuqtalarni o‘z ichiga olishini istaymiz.

– Raqamlashtirish transport sohasi uchun juda muhim. Agar raqamlashtirish bo‘lmasa, korrupsiyaga yo‘l ochiladi: harakat sekinlashadi, yuk operatsiyalari sifati yomonlashadi. Asosiy maqsadlarimizdan biri – Ipak yo‘lini tiklash. Buni amalga oshirish vaqti keldi. Bu muammoni hal qilishga yordam beradigan tizim – bu raqamlashtirish, – dedi Mahmud Al-Bastaqiy.

Anjuman doirasida Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi tajribasi haqida ham so‘z bordi.

– Transport uyushmasiga nima kerak?, – deydi Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi direktori Tatyana Rey-Bellet. – Transport tizimini raqamlashtirish ushbu muammolarni hal qilishga yordam beradi, jumladan, hujjatlar elektron almashinuvi uchun bu juda muhim. Bugungi kunda xalqaro avtomobil tashuvlari sohasida ikkita raqamlashtirish tizimi mavjud – TIR va CMR. Ularning ikkalasi ham BMT konvensiyasiga asoslangan. TIR dunyoning 77 davlatida, jumladan, O‘zbekistonda ham amal qiladi. O‘tgan yili biz sezilarli o‘sishni qayd etgandik, bu yil esa 40 foizga o‘sdi. O‘zbekistonda TIRdan foydalanish tufayli avtomobillarda yuk tashish yangi bosqichga ko‘tarildi.

– O‘zbekistonga birinchi marta 1992 yilda kelganman, – deydi “TCS Holdings” (Pokiston) kompaniyasining rivojlanish bo‘yicha direktori Ahmad Zafar. – Bugun mamlakatda katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. “TCS Holdings” Pokistondagi eng yirik logistika kompaniyasidir. Biznesimiz raqamlashtirish tufayli rivojlanmoqda.

– Raqamlashtirish – davr talabi va u transport sohasida ham bo‘lishi kerak, – deydi “TRACECA” hukumatlararo komissiyasi bosh kotibi Asset Asavbaev. – 13 ta davlat biz bilan hamkorlik qiladi, jumladan, O‘zbekiston ham. Ularning barchasi transport tizimini raqamlashtirish bilan shug‘ullanmoqda.

O‘zA xabari asosida tayyorlandi

Powered by GSpeech