2022 yil 25 mart kuni Namangan shahridagi "Ishga marhamat" monomarkazida O‘zbekistonda bo‘lajak mehnat migrantlarining kasbiy malakasini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha tajriba markazini tashkil etish loyihasining yakuniy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Namangan viloyati hokimligi, shuningdek, BMT Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkiloti vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida mehnat migrantlari va ular oila a’zolarining huquqlarini ta’minlash bo‘yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar, migrantlarni kasb-hunarga o‘rgatish, migratsiya jarayonlari bilan bog‘liq muammo va ularning istiqbolli yechimlari haqida so‘z bordi.
Ishtirokchilar tomonidan, shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashishning huquqiy asoslari va undan jabrlangan shaxslarga yordam ko‘rsatish, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ishga ketadigan fuqarolarga ketish oldidan kasbiy tayyorgarlik va xorijiy tillarni o‘qitish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda ishtirok etgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining yordamchisi Oybek Ahmadovning fikricha, Namangan viloyatida tatbiq etilayotgan yangi loyiha bo‘lajak mehnat migrantlarini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng asosiysi, ushbu tajriba migrantlar orasida xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va mehnat faoliyatini tashkil etishda amaliy ko‘nikmalar berishda juda qo‘l keladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.03.2022
- Ko'rishlar: 2647
- Chop etish