2022 yil 29 mart kuni Chirchiq shahar prokuraturasida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati xususida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2022 yil birinchi yarmi bo‘yicha tasdiqlangan ish rejasi asosida tashkil etildi.
Milliy markazning mas’ul xodimlari F.Haqberdieva va O.Ahmadov murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonuniylikka rioya etilishi bilan bog‘liq yutuq va kamchiliklar haqida so‘z yuritdi. Davra suhbati ishtirokchilarining bu boradagi fikr-mulohazalari tinglandi va muhokama qilindi.
Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi F.Haqberdieva Toshkent viloyatida yashaydigan fuqarolar bilan sayyor qabul ham o‘tkazdi.
Xususan, hozirgi vaqtda oilasi bilan vaqtincha ijarada yashab kelayotgan fuqaro Z.Saydalieva uy-joy masalasida shahar hokimligiga qilgan murojaatlari oqibatsiz qoldirilganidan norozilik bildirib murojaat qildi. Mazkur holat yuzasidan murojaatchiga amaldagi qonun doirasida huquqiy maslahat berildi. Murojaat shahar prokuraturasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.
Shuningdek, fuqaro M.Turg‘unxodjaev qonunda o‘rnatilgan tartibda “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilishida amaliy yordam berilishini so‘radi. Fuqaroning ushbu og‘zaki murojaati Milliy markaz nazoratiga olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.03.2022
- Ko'rishlar: 2756
- Chop etish