Ekaterinburgda “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobining taqdimoti bo‘ldi

Yaqinda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida akademik Akmal Saidov qalamiga mansub “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobining navbatdagi taqdimoti tashkil qilindi. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan “Oktyabr” madaniyat saroyi binosida o‘tkazilgan tadbirda Nijnevartovsk davlat universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

Ma’lumki, 2020 yil 9 may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi tadbirlari doirasida Toshkent shahrida “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi va g‘oyalari, xalqimizning  bunyodkorlik  salohiyati  bilan  ushbu  betakror  majmuani qurishdek ezgu tashabbus zamirida xalqimizning beayov jang maydonlarida va front ortida ko‘rsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalab, kamol toptirish maqsadi o‘z mujassamini topgan.

“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi timsolida tinchliksevarlik va insonparvarlikning o‘zbekona falsafasi amalda yorqin namoyon bo‘lgan. Xalqona tinchlikparvar siyosatga bunday yangicha, bunyodkorona yondashuv, ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonning shiddatli islohotlariga xos muhim xususiyat hamdir.

Shu ma’noda, 2021 yilda “Tasvir” nashriyoti bilan hamkorlikda «KOLORPAK» MChJ bosmaxonasida yuksak did va zamonaviy matbaa dizayni asosida o‘zbek, ingliz va rus tillarida katta adadda chop etilgan “G‘alaba bog‘i falsafasi” nomli salmoqli kitobda muhtasham “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining yaratilish tarixi, mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida hikoya qilingan. Muallifning fikr va mushohadalari aniq dalil va raqamlar, tarixiy hujjatlar, fotosuratlar, tegishli mavzudagi she’rlar va tasviriy san’at asarlaridan namunalar bilan mustahkamlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, taqdimot tadbirida rossiyalik talabalarga keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar borasida atroflicha axborot berilgan.

Uchrashuv yakunida Universitet rektori hamda Nijnevartovsk shahri ma’muriyatining Qonuniylik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Sergey Yefremov so‘zga chiqib, Toshkent markazida barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” majmuasining mohiyati  va ahamiyati haqida to‘xtalgan. O‘zbekiston Prezidenti olib borayotgan ichki va tashqi siyosat yuqori baholangan.

 Taqdimotdan so‘ng Nijnevartovsk shahar meri Dmitriy Koshenko bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda unga “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobidan bir nusxa hadya kilindi.

Shahar meri kindik qoni tomgan vatani – O‘zbekistonda 2019 yilda bo‘lgani va mamlakatdagi ijobiy o‘zgarishlardan nihoyatda ta’sirlanganini e’tirof etdi.  D.Koshenko Toshkentga kelgusi tashrifi davrida albatta “G‘alaba bog‘i” majmuasini ziyorat qilishini bildirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech