Parlamentda inson huquqlari mavzusida so‘z bordi

2022 yil 8 aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquklari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasining Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning bajarilishi yuzasidan Oltinchi davriy hisoboti va Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning bajarilishi yuzasidan Uchinchi davriy hisobotini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Hukumat delegatsiyasi a’zolarining hisoboti eshitildi.

BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining 81-sessiyasi doirasida 2022 yil 15-16 fevral kunlari Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning O‘zbekiston tomonidan bajarilishi yuzasidan Oltinchi davriy hisobot hamda BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy xuquklar bo‘yicha qo‘mitasining 71-sessiyasi doirasida 2022 yil 22-24 fevral kunlari Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt bajarilishi yuzasidan Uchinchi davriy hisoboti tinglandi hamda muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov, delegatsiya rahbari va a’zolari mazkur hisobotlarning yakunlari bo‘yicha yig‘ilish ishtirokchilariga ma’lumot taqdim etdi.

Delegatsiyamiz a’zolari davriy hisobot, BMT qo‘mitalarining oldindan taqdim qilingan savollariga berilgan yozma javoblar, BMT qo‘mitalarining yakuniy xulosalari, shuningdek, boshqa manbalardan olingan axborotlar, jumladan BMT muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining muqobil hisobotlariga asoslangan javoblar taqdim etilganini ma’lum qildi.

BMTning har ikki Qo‘mitasi a’zolari tomonidan O‘zbekiston davriy hisobotlarini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha so‘nggi besh yil davomida inson huqukdari bilan bog‘liq vaziyatni baholashda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotgani yuqori baholandi. Xususan, muloqot davomida qo‘mitalar a’zolari inson huquqlari tuzilmalarining mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, madaniy-gumanitar sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor ekanini ko‘rsatdi.

Qo‘mitalar a’zolarining aksariyati O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash va ayollar huquqlarini himoya qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga ijobiy baho berdilar. O‘zbekiston tomoniga berilgan savollarning aksariyatiga to‘liq javoblar taqdim etgani, davriy ma’ruza har tomonlama mazmunli va puxta tayyorlangani uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekistonning ikkala davriy hisobotlari bo‘yicha ham BMT tegishli qo‘mitalarining yakuniy xulosalari va tavsiyalari qabul qilindi. Ushbu hujjatlar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi rasmiy saytida e’lon qilindi.

Bugungi kunda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston davriy hisobotlari bo‘yicha BMT qo‘mitalarining yakuniy xulosalari va tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi loyihasi vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda.

Parlament komissiyasi majlisida, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboev Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha axborot takdim etdi.

Bundan tashqari, M.Tillaboev Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining O‘ninchi – O‘n ikkinchi davriy ma’ruzalarini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan BMTning Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasining tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi ijrosi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining

Matbuot xizmati

Powered by GSpeech