2022 yil birinchi choragida BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalarini bajarish yuzasidan 2020—2022 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasida belgilangan 8 ta chora-tadbirdan 2 tasi to‘liq amalga oshirildi. Qolgan tadbirlar ijrosi bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda.
Ushbu Milliy harakatlar rejasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020 yil 15 oktyabrdagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan. Qo‘shma qaror Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining O‘ninchi – O‘n ikkinchi davriy ma’ruzalarini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan qabul qilingan.
Milliy harakatlar rejasi 29 ta tadbirdan iborat bo‘lib, shundan 7 ta tadbir ijrosi doimiy ravishda nazorat qilinmoqda. Milliy harakatlar rejasi bandlari bajarilishi uchun 35 ta vazirlik va idora mas’ul ijrochi sifatida belgilangan.
BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalarini bajarish yuzasidan 2020—2022 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasidagi tadbirlar yillar kesimida quyidagicha taqsimlangan:
- 2020 yil: 9 ta tadbir (1 ta tadbir doimiy nazoratda);
- 2021 yil: 15 ta tadbir (3 ta tadbir doimiy nazoratda);
- 2022 yil: 8 ta tadbir (3 ta tadbir doimiy nazoratda).
Milliy harakatlar rejasining bajarilishi yuzasidan umumlashtirilgan ma’lumot har oyning 10-sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilmoqda.
Ayni vaqtda Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning 14-moddasiga O‘zbekiston Respublikasi tomonidan BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasining yakka tartibdagi shikoyatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish vakolatini tan olishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masala o‘rganilmoqda. Bu borada manfaatdor vazirlik va idoralardan ekspert xulosalar olindi. Xulosalar umumlashtirilgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Konvensiyaning 8-moddasi 6-bandiga kiritilgan tuzatishni ratifikatsiya qilishning maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqish ham belgilangan. Ushbu masala bo‘yicha tahliliy ma’lumotnoma tayorlanmoqda.
Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining O‘n uchinchi – O‘n to‘rtinchi davriy ma’ruzalarini BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasiga 2022 yil oktabr oyida topshirish rejalashtirilgan.
Milliy harakatlar rejasidagi 2 ta tadbir Konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining navbatdagi davriy ma’ruzalari loyihasini tayyorlash masalasiga qaratilgan. BMT Qo‘mitasi tavsiyalaridan kelib chiqib, ushbu yo‘nalishda vazirlik va idoralardan ma’lumotlar olish va ularni umumlashtirish maqsadida savolnoma tayorlanmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.04.2022
- Ko'rishlar: 2944
- Chop etish