Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” va ma’naviyat: jamoatchilik nigohida” mavzuida ilmiy-ma’rifiy anjuman o‘tkazildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov va boshqalar bugun O‘zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanish va bunyodkorliklar, har bir sohada xalqning roziligiga erishish maqsadida qat’iyat bilan davom ettirilayotgan islohotlar, nafaqat mintaqamiz, balki butun dunyoda yuksak e’tirof etilmoqda. Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini qurish, har bir vatandoshimizning azmu qarori, hayotiy maqsadlarining asosiga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbari “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekistonni barpo etish – u shunchaki xohish-istak, sub’ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan ob’ektiv zaruratdir”.
- Qo'shildi: 14.04.2022
- Ko'rishlar: 4595
- Chop etish