2022 yil 14 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda deputatlar, tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul vakillari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari va xodimlari hamda jurnalistlar qatnashdi.
Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A. Saidov va JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens kirish so‘zlari bilan ochib berishdi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning BMT va boshqa tashkilotlarning yuqori minbarlaridan turib umumbashariy miqyosda ro‘y berayotgan muammolar, xususan koronavirus pandemiyasiga barham berish, uning insonlar hayotiga bo‘lgan salbiy oqibatlarini bartaraf etish, iqtisodiyotni tiklashga qaratilgan samarali yechimlarni mujassam etgan taklif va tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda.
Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategisida ko‘zlangan maqsadlardan kelib chiqqan holda barcha sohalar qatorida tibbiyotni ham yanada taraqqiy ettirish, uni xalqaro talablarga mos, zamonaviy darajaga ko‘tarish uchun jahon miqyosidagi nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikka asoslangan ishlarni izchil va samarali olib borish vazifalari belgilangan. Mamlakatimizda tibbiyot sohasini izchil rivojlantirishga muhim e’tibor qaratilayotganligi hamda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish borasida keng ko‘lamli islohotlarning amalga oshirilishida samarali xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 18 mart kuni sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusida yangi formatdagi ochiq muloqoti tom ma’noda mamlakatimizda tibbiyot tizimini yanada yuksaltirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi va xalqaro miqyosda o‘zaro hamkorlikda olib boriladigan kelgusi amaliy ishlarga keng imkoniyatlar yaratib berdi.
Ushbu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi BMT tarkibiga kiruvchi qator ixtisoslashgan muassasalar bilan samarali hamkorlikni tobora chuqurlashtirib bormoqda. Chunonchi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bilan bir qator yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik o‘rnatilgan. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash va aholini ommaviy emlash masalalarida JSST tomonidan mamlakatimizga kerakli asbob-uskuna va himoya vositalari yetkazib berilmoqda.
Bundan tashqari, JSST shifokorlar, hamshiralar, boshqa tibbiy xodimlar malakasini oshirishga, laboratoriya xodimlarini o‘qitishga, xalqaro tajribadan foydalangan holda davolash protokollarini tuzishda mamlakatimiz tibbiyot muassasalariga yaqindan ko‘maklashib kelmoqda hamda koronavirus infeksiyasi to‘g‘risidagi doimiy ravishda yangilanib borayotgan xalqaro axborotni erkin olish imkoniyatini ta’minlab bermoqda.
O‘zbekistonda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining vakolatxonasi samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimiga yaxlit yondashuv asosida barqaror sog‘liqni saqlash siyosatini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatish mazkur vakolatxonaning asosiy vazifasi hisoblanadi. Shuningdek, umumiy yetakchilikni ta’minlash, mahalliy darajada texnik aloqalarni o‘rnatish, standartlarni belgilash va shartnomalar tuzish, inqiroz davrida sog‘liqni saqlash tadbirlarini muvofiqlashtirish va amalga oshirish kabi vazifalarni ham qamrab oladi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining 2018 yil 7 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini yaratishda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlarining ulkan yordamini ham alohida ta’kidlash lozim.
Aynan xalqaro ekspertlarning ko‘magi tufayli sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni yaxshilash, davlat tibbiy sug‘urta va elektron sog‘liqni saqlash tizimini joriy etish, sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, salomatlik uchun zararli bo‘lgan odatlarga qarshi kurash kabi qator vazifalar bo‘yicha samarali choralar ko‘rilmoqda.
Qizg‘in muhokamalarga boy o‘tgan davra suhbatida kelgusida O‘zbekiston Respublikasi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘rtasidagi izchil hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasining huquqiy asoslarini takomillashtirish, istiqbolda davlat tibbiy sug‘urtani, sohada innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, xususiy tibbiyot muassasalari bilan davlat tibbiyot muassasalari uzviy xamkorlikni tashkil etish, tibbiyot turizmini rivojlantirish borasida ilg‘or xorijiy mamlakatlarning tajribasini o‘rganish kabi yo‘nalishlarda samarali hamkorlik o‘rnatish mumkin.
Tadbir so‘ngida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi hamda Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasining JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan tibbiyotning huquqiy asoslarini zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirish borasida o‘zaro amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli takliflariqabul qilindi va kelgusi rejalar aniqlab olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 15.04.2022
- Ko'rishlar: 4894
- Chop etish