Bugungi nihollar – ertangi musaffo havo va salomatligimiz garovi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning 2022 yil 16 aprel kuni Qarshi shahrida “Qadr, xotira va inson huquqlari” mavzuida o‘tkazgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar turkumi 1,5 gektarlik yangi bog‘ning ilk ko‘chatini ekishdan boshlandi.

Ushbu ezgu ishda G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori, akademik Qalandar Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdig‘ani Umirov ham ishtirok etdi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan 2021 yil 2 noyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, mazkur loyiha doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish belgilab berilgan. Shu asosda O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni doirasida butun mamlakat miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi tatbiq etilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, daraxtzorlarni ko‘paytirish, daraxtlarni ekish va parvarish qilish sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, ko‘chatxonalar sonini oshirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda, hududlar iqlimiga mos xorijiy manzarali daraxtlarni mahalliylashtirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga hududlarda “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni barpo etish hamda daraxtlarni sug‘orish tizimini qayta ko‘rib chiqish, uning samarali faoliyatini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar izchillik bilan bajarilmoqda. 

Qarshi shahrining Odina  masjidi atrofida joylashgan  “Darvoza Tutak” mahallasi hududida “Yashil makonni birgalikda quramiz!” shiori ostida o‘tkazilgan ko‘kalamzorlashtirish tadbiri Yoshlar ishlari agentligi hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyat boshqarmalari va viloyat hokimligi ko‘magida tashkil etildi.

Aksiyada mahallalardagi yoshlar yetakchilari va ko‘plab ko‘ngilli yoshlar qatnashdi. Tadbir davomida 1 ming 500 dan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech