SHAHRISABZDA YANGI KUTUBXONA OCHILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ilgari surgan besh tashabbus doirasida mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli bunyodkorlik va ma’rifatparvarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Tashabbusning to‘rtinchi yo‘nalishi — yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishdan iborat ekani ham buni tasdiqlaydi.

Bugungi kunda ushbu ezgu tashabbus samarasi hayotimizda yaqqol namoyon bo‘lmoqda: yurtimizda kitobxonlar soni ko‘payib, mavjud kutubxonalar soni tobora ortib bormoqda. Bu kabi xayrli ishlarning navbatdagisi 2022 yil 16 aprel kuni Shahrisabz shahridagi Davlat xizmatlari markazida ochilgan yangi kutubxona bo‘ldi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori Qalandar Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdig‘ani Umirov, "Oltin meros" xalqaro xayriya jamg‘armasi raisi Amirqul Karim, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari G‘ulom Abdiev hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

  Axborot-kutubxona markaziga akademiklar A.Saidov va Q.Abdurahmonovning yangi kitoblari taqdim etildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi ma’lumotiga qaraganda, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan jami 1 ming donadan ziyod tarixiy, siyosiy va badiiy kitoblar sovg‘a qilingan. Shu bilan yangi kutubxonaning kitob fondi 19 mingtaga yetdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech