Uch avlod uchrashuvida Taraqqiyot strategiyasining mohiyati haqida so‘z bordi

2022 yil 16 aprel kuni Shahrisabz shahrida "Uch avlod uchrashuvi" ma’naviy-ma’rifiy tadbiri tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori Qalandar Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdig‘ani Umirov, "Oltin meros" xalqaro xayriya jamg‘armasi raisi Amirqul Karim, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari G‘ulom Abdiev hamda qashqadaryolik yozuvchi-shoirlar va olimlar ishtirok etdi.

Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Yangi O‘zbekiston” tushunchasini zamonaviy dunyo siyosati lug‘atiga kiritgani beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgani alohida ta’kidlandi. Yangi O‘zbekiston – bu ibora Yurtboshimiz ilgari surgan va bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan ezgu g‘oyadir.

Ishtirokchilarning yakdil fikricha, “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi zamirida: bir tomondan, bugungi va ertangi avlodlarimizning “Uchinchi Renessans” poydevorini qo‘yishdek ezgu maqsad-muddaolari; ikkinchi tomondan,  milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlariga asos solgan ulug‘ ajdodlarimiz, alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari; uchinchi tomondan,  bunyodkorlik, yaratuvchanlik, har doim o‘qish va izlanishga da’vat o‘z mujassamini topgan.

Bularning barchasi yurtimizda inson sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘lashga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlardir. Joriy yil boshidan amalga oshirishga kirishilgan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun 2022 yilga – «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» deb nom berilgani ham bejiz emas.

Uchrashuv yakunida qiziqarli savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech