Inchon shahrida «O‘zbekiston-Janubiy Koreya: hamkorlikka 30 yil» mavzusiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etildi
SEUL, 19-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilliga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida joriy yil 5 - 15 aprel kunlari Inchon shahrida «O‘zbekiston-Janubiy Koreya: hamkorlikka 30 yil» mavzusiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. Ushbu tadbir Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlikda o‘tkazildi.
Ko‘rgazmada ikki mamlakatning do‘stona munosabatlari, mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, shuningdek, bahor bayrami —Navro‘zi olam bilan bog‘liq bo‘lgan boy anʼana va madaniyatni o‘zida aks ettirgan qirqqa yaqin fotosurat namoyish etildi.
Unda professional surat ustalarining ishlari bilan bir qatorda o‘zbekistonlik havaskor fotosuratchilarning asarlari ham taqdim etildi.
Bundan tashqari, fotoko‘rgazma doirasida hunarmandchilik, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, ipak mahsulotlari va sopol buyumlar hamda xalq amaliy sanʼatining boshqa namunalari ham namoyish etildi.
Fotoko‘rgazma mehmonlari ushbu tadbirning Koreya Respublikasi aholisiga O‘zbekistondagi boy madaniy meros, uuning bag‘ridagi tarixiy obidalar, milliy bayramlarining yorqin ranglari bilan yaqindan tanishish imkonini berganini qayd etdilar.
O‘n kun davom etgan ushbu ko‘rgazma ishi bilan ming nafardan ortiq o‘zbek madaniyati ixlosmandlari - koreys va boshqa millatlar vakillari, ushbu mamlakatda tahsil olayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlarimiz tanishdilar.
Ko‘rgazmaga kelgan ayrim mehmonlar tadbirdan orttirgan taassurotlarini “Dunyo” AA muxbiri bilan o‘rtoqlashdilar.
Song De He, tadbirkor, ko‘rgazma ishtirokchisi:
- Men Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligi bilan har ikki mamlakat xalqlarini chin qalbimdan tabriklayman. O‘tgan yil dekabr oyida O‘zbekiston Prezidentining Janubiy Koreyaga davlat tashrifi amalga oshirilgan edi. Ushbu oliy darajadagi tashrif ikki mamlakat aloqalarini yana-da chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Koreya Respublikasi va O‘zbekiston tadbirkorlari o‘rtasidagi munosabatlarning yana-da faollashib borayotgani quvonarli holdir. Men bugun Inchon shahrida bo‘lib o‘tayotgan ko‘rgazmaga kelib, O‘zbekistonnning boy madaniyati va sanʼati, tarixiy obidalarini o‘zida aks ettirgan suratlarni tomosha qilar ekanman, behad zavqlanganimni aytishni istar edim. O‘ylaymanki, bu kabi ko‘rgazmalar ikki mamlakatning do‘stona aloqalari yana-da chuqurlashishiga salmoqli hissa qo‘shadi.
Ku Min Yong, tadbir ishtirokchisi:
- Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan asarlar nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar haqida, balki O‘zbekistonning iqtisodiyoti, ilm-fani, sanʼati va madaniyatni ham o‘zida aks ettirgan. Ko‘rgazma ishi bilan tanishar ekanman, O‘zbekiston haqida yana-da ko‘proq maʼlumot olish imkoniyatiga ega bo‘lganimni taʼkidlashni istar edim.
Ayni paytda men o‘zbek tilini o‘rganayapman. Kelajakda o‘zbek tilini mukammal o‘rganib, O‘zbekistonning mashhur tarixiy shaharlariga sayohat qilishni rejalashtirganman.
«Xalq so‘zi» gazetasining 2022 yil 21 aprel
- Qo'shildi: 21.04.2022
- Ko'rishlar: 2738
- Chop etish