2022 yil 21 aprel kuni Rossiyaning Vladivostok shahrida joylashgan Anton Chexov nomidagi markaziy kutubxonada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan chop etilgan “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir mamlakatimizning ushbu shahardagi Bosh konsulxonasi tomonidan tashkil etildi.
Taqdimotda Vladivostok shahri ma’muriyati, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Vladivostok shahridagi vakolatxonasi, Vladivostok shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar namoyandalari, kutubxona rahbariyati, Ikkinchi jahon urushi qahramonlari, o‘zbek diasporasi va Primorsk o‘lkasi yoshlar harakati vakillari hamda Vladivostok shahridagi o‘rta ta’lim muassasalarining o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi.
Bosh konsul R.Ismoilov tadbirni ochar ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Toshkent shahrida bunyod etilgan G‘alaba bog‘ining milliy, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga to‘xtaldi. G‘alaba bog‘ining barpo etilishi hamda unga bag‘ishlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov yozgan “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobining mazmun-mohiyati, O‘zbekiston xalqining jang maydonlarida hamda front ortida ko‘rsatgan beqiyos jasorati va matonati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, tadbirda Vladivostok shahar hokimi o‘rinbosari D.Stegniy so‘zga chiqib, O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushiga qo‘shgan ulkan hissasini, jumladan, jang maydonida ishtirok etgan 301 nafar o‘zbek harbiysining general unvoniga sazovor bo‘lganini yuksak baholadi. U Toshkent shahrida bunyod etilgan G‘alaba bog‘ini O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning navbatdagi yaqqol amaliy samarasi sifatida e’tirof etdi.
Shu bilan birga, Vladivostok faxriylar kengashi raisi I.Panasyuk yoshlik davri O‘zbekistonda o‘tgani to‘g‘risida so‘zladi. Uning fikricha, hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralari va Ikkinchi jahon urushi qahramonlari hamda faxriylarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor alohida diqqatga molikdir.
Tadbir doirasida toshkentlik temirchi usta Shoahmad Shomahmudov va uning rafiqasiga bag‘ishlangan «Sen yetim emassan» badiiy filmi namoyish etildi. Film Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekistonga Rossiya, Ukraina va Belorussiyadan evakuatsiya qilingan yosh bolalar, yetimlar, xususan, leningradlik ko‘plb insonlarga boshpana bergan o‘zbek oilalari hayoti misolida tasvirga olingan.
Taqdimot nihoyasida Anton Chexov nomidagi markaziy kutubxona, Vladivostok faxriylar kengashi jamg‘armasi, Ikkinchi jahon urushi qahramonlari va boshqa ishtirokchilarga “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobining rus tilidagi nashri tuhfa etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.04.2022
- Ko'rishlar: 2954
- Chop etish