Davlatimiz rahbarining xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar ko‘lamini kengaytirish va farzandlarimizning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tashabbusi milliy parlament tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning 2022 yil 26 aprel kuni Jizzax viloyatida o‘tkazgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar turkumi ayni shu tashabbus doirasida tashkil etildi.
Shu kunlarda O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni doirasida butun mamlakat miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi tatbiq etilmoqda. Jizzax shahrida ham “Yashil makonni birgalikda quramiz!” shiori ostida ko‘kalamzorlashtirish tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir boshida A.Saidov Amir Temur nomidagi mahallada yangi bunyod etilgan 9 gektarlik Yoshlar bog‘iga yong‘oq daraxti ko‘chatlarini ekdi. Ushbu ezgu ishda G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori, akademik Qalandar Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati O‘rol O‘rozboev ham ishtirok etdi.
Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi va Jizzax shahar hokimligi ko‘magida tashkil etilgan aksiyada mahalla yoshlari yetakchilari va ko‘plab ko‘ngilli yoshlar qatnashdi. Tadbir davomida 3 ming 500 dan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Binobarin, bugungi nihollar – ertangi musaffo havo va salomatligimiz garovidir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi rasmiy veb sayti
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 26.04.2022
- Ko'rishlar: 2712
- Chop etish