Joriy yil noyabr oyida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludiga 105 yil to‘ladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan mamlakatimizda XX asrda yashab o‘tgan buyuk davlat va jamoat arbobining hayot yo‘li va faoliyati chuqur o‘rganilmoqda.
2022 yil 26 aprel kuni Sharof Rashidovning Jizzax shahridagi haykali poyiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori akademik Qalandar Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati O‘rol O‘rozboev va Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov tomonidan gulchambarlar qo‘yildi.
Ma’lumki, Prezidentimizning 2017 yil 27 martda qabul qilingan "Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, Jizzax shahrida uning xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi barpo etildi va haykali o‘rnatildi.
Davlatimiz rahbari ushbu haykalning ochilish marosimida so‘zlagan nutqida ta’kidlaganidek, Sharof Rashidov oddiy xalq orasidan chiqqan, noyob aql-zakovati, mehnatsevarligi va kamtarligi bilan katta obro‘-e’tibor qozongan. Eng muhimi, xalqimizga sadoqat bilan halol xizmat qilgan.
Sharof Rashidov umr bo‘yi o‘z xalqiga, barcha sof niyatli insonlarga yaxshilik qilib, ularni ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashtirib, ezgu ishlarga safarbar etib yashagan. Bu olijanob, donishmand va bag‘rikeng inson, qanday suronli sinovlarga duch kelgan bo‘lmasin, yuksak insonparvar g‘oyalarga doimo sodiq bo‘lib, xalqimiz qalbida yaxshi nom, so‘nmas xotira qoldirgan.
Tadbir yakunida Sharof Rashidov yodgorlik majmuasida akademiklar A.Saidov va Q.Abdurahmonov bilan Jizzax viloyati jamoatchiligi vakillari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 27.04.2022
- Ko'rishlar: 3040
- Chop etish