2022 yil 26 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov Jizzax shahridagi Sharof Rashidov muzeyiga tashrif buyurdi. Unga G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori akademik Qalandar Abdurahmonov va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O‘rol O‘rozboev hamrohlik qildi.
Sharof Rashidov muzeyi rahbari Sadoqat Ismoilova mazkur muzey atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan tashkil etilgani haqida so‘zladi. Bugungi kunda ushbu ma’naviyat va ma’rifat maskani xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni Sharof Rashidov hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilmoqda.
Muzeyda bo‘lib o‘tgan muloqotda ta’kidlanganidek, Sharof Rashidov respublika rahbari sifatida zimmasidagi ulkan vazifalarga qaramasdan, o‘zi butun borlig‘i bilan sevgan adabiyotga hamisha sodiq qolgan. Ayniqsa, u o‘zining betakror iste’dodi bilan ezgu qadriyatlarni tarannum etgan roman va qissalar, she’r va dostonlar, publitsistik maqolalar yaratgani alohida tahsinga loyiqdir.
Akademiklar A.Saidov va Q.Abdurahmonov muzeyning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdilar.
Sharof Rashidov muzeyiga yangi nashr etilgan kitoblar taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 27.04.2022
- Ko'rishlar: 3362
- Chop etish