Joriy yil 25-26-aprel kunlari Markaziy Osiyo mamlakatlarining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish uchun BMT tizimining xalqaro va mintaqaviy inson huquqlari mexanizmlari bilan hamkorligini mustahkamlash” global qo‘shma loyihasi doirasida mintaqaviy maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu davra suhbati Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturining (BMTTD) mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish hayotiy ahamiyatga ega bo‘lib, keyingi besh yilda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidladi. Binobarin, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar, ularga oid indikatorlar tasdiqlangan.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan. Tegishli “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Shu asosda o‘tgan davrda deyarli barcha muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni keyingi 5-10 yilda rivojlantirish istiqbollarini belgilovchi strategiya va konsepsiyalar qabul qilinib, izchillik bilan amalga oshirilayotganligini ta’kidlab o‘tishdi.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli va bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan inson huquq va erkinliklari sohasidagi 80 dan ortiq xalqaro hujjatning normalari milliy qonunchilikda o‘z aksini topgan.
Insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash O‘zbekistondagi islohotlarda eng muhim o‘rinda turadi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining ko‘pchiligi 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Mintaqaviy maslahatlashuvdan ko‘zlangan maqsad inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy mexanizmlar tavsiyalarini bajarish yuzasidan qilinayotgan ishlarni 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish tadbirlari bilan qo‘shib olib borish bo‘yicha tajriba almashishdir. Qolaversa, mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi g‘oya, tajriba va takliflar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 27.04.2022
- Ko'rishlar: 2968
- Chop etish