2022 yil 13 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov mamlakatimizga tashrif buyurgan Malayziyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi bosh komissari Datuk Seri Azam bin Baki boshchiligidagi delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida A.Saidov keyingi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va uning asosiy yo‘nalishlari, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ushbu jarayonlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining ishtiroki xususida batafsil axborot berdi.
Delegatsiya a’zolariga Prezidentimizning taklifi asosida 2019 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tashkil etilgani, bugungi kunda qo‘mita korrupsiyaga qarshi kurashish borasida parlamentning asosiy vazifa va funksiyalaridan kelib chiqib 5 ta yo‘nalishda ish olib borayotgani haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, mamlakatimiz parlamentining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, qo‘mita va fraksiyalari ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi.
O‘z navbatida, malayziyalik delegatsiya vakillari O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining ijobiy samarasini berayotganini e’tirof etib, o‘z mamlakatlarida bu boradagi tajriba va amaliyot, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlari, sohada fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jamoatchilik nazoratini olib borish masalalari yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi.
Suhbat davomida tomonlar korrupsiyaga qarshi kurashish tuzilmalari faoliyatini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy qilish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishning bugungi kundagi zarurati yuzasidan o‘zaro fikr almashishdi.
Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda yaqin istiqbolda aniq soha va yo‘nalishlar bo‘yicha ikki davlat vakillari uchun manfaatli va ahamiyatli loyihalarni amalga oshirish, hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 13.05.2022
- Ko'rishlar: 4073
- Chop etish