Nijnevartovskda “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi

Dunyoning turli mamlakatlarida akademik Akmal Saidov qalamiga mansub “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobining taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda. Shunday taqdimotlarning navbatdagisi 2022 yil 8 may kuni Rossiyaning Xanti-Mansiysk avtonom okrugidagi Nijnevartovsk shahrida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, mazkur tadbir mamlakatimizning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasi, Nijnevartovsk shahri kutubxonasi va bu yerdagi o‘zbek diasporasi tashabbusi asosida o‘tkazilgan. Unda 2021 yili o‘zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan salmoqli kitobda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Toshkent shahrida bunyod etilgan muhtasham “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining yaratilish tarixi, mazmun-mohiyati va ahamiyati ochib berilgani xususida so‘z yuritilgan.

Ma’ruzachilar e’tirof etganlaridek, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi timsolida tinchliksevarlik va insonparvarlikning o‘zbekona falsafasi amalda yorqin namoyon bo‘lgan. Xalqona tinchlikparvar siyosatga bunday yangicha, bunyodkorona yondashuv, ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonning shiddatli islohotlariga xos muhim xususiyat hamdir.

Taqdimot tafsilotlari shahar ommaviy axborot vositalarida atroflicha yoritilgan.

Ma’lumot uchun: MDH Ijroiya qo‘mitasining rasmiy saytida (cis.minsk.by) “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobining rus tilidagi elektron matni joylashtirilgan. Bu, o‘z navbatida, kitobni onlayn tarzda mutolaa qilish imkoniyatini beradi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech