Joriy yilning 16 may kuni Samarqand shahrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti hamda O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati bilan hamkorlikda “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Seminar-treningda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isakov, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati raisi Komil Abdullaev so‘zga chiqib, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning asosiy maqsadi, uning tuzilishi va mazmuni bo‘yicha keng jamoatchilik va aholini xabardor qilish islohotlarning hozirgi bosqichida muhim ekanligini ta’kidladilar.
Eslatib o‘tamiz, ushbu tadbir Toshkent shahrida 2022 yil 12-13 aprel kunlari fuqarolik jamiyati vakillari uchun “O‘zbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga rioya etishi yuzasidan muqobil hisobot tayyorlashda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning salohiyatini oshirish” hamda 2022 yil 27 aprel kuni davlat organlari xodimlari uchun “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirishda davlat organlarining roli” mavzularida o‘tkazilgan seminar-treninglarni mantiqiy davomi hisoblanadi.
2021 yil 7 iyunda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so‘ng, mazkur Konvensiya qoidalari bo‘yicha jamoatchilik va davlat tashkilotlari vakillari xabardorligini oshirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish ana’naga aylandi.
Jumladan, 2021 yilda 28 iyulda vazirlik va idoralar hamda fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya kuchga kirishi munosabati bilan tantanali marosim”, 2021 yil 14 oktyabrda “O‘zbekiston Respublikasida nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy maslahatlashuv” yuzasidan tadbirlar o‘tkazildi. Shuningdek, 2022 yil 12-13 aprel kunlari fuqarolik jamiyati vakillari uchun “O‘zbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga rioya etishi yuzasidan muqobil hisobot tayyorlashda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning salohiyatini oshirish” mavzusida hamda 2022 yil 27 aprel kuni davlat organlari xodimlari uchun “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirishda davlat organlarining roli” mavzusida seminar-treninglar o‘tkazildi.
Shuningdek, seminar-trening mashg‘ulotlarini Rossiya Federatsiyasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Sankt-Peterburg ekspert-shifokorlar malakasini oshirish instituti vakili, tibbiyot fanlari doktori Oksana Vladimirova, Sirakuza universiteti doktoranti Mirjahon Turdiev, “Urartu” amaliy psixologiya va sotsiologiya universitetining ijtimoiy ish kafedrasi mudiri (Erevan), BMT xalqaro eksperti Jemma Bagdasaryan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi Milliy dasturlar koordinatori Yuliya Voslava hamda O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isakov olib bordi.
Seminar-trening davomida “Fuqarolik jamiyati vakillarining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini targ‘ib qilishda ishtirok etish mexanizmlari va xalqaro tajriba”, “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirishda xususiy sektorning o‘rni” kabi mavzular muhokama qilindi.
Xalqaro ekspertlar Konvensiyani targ‘ib qilish maqsadida mahalliy darajada nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘zi ham targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishi, buning uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar jamoat tashkilotlari o‘zaro hamkorligini kuchaytirishi lozimligini ta’kidladilar.
Seminar-trening amaliy bahs-munozaralar ruhida o‘tdi. Tadbir davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar jamoat tashkilotlari vakillari bunday tadbirlarni mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham o‘tkazish taklifini ilgari surdilar. Tadbir tashkilotchilari tomonidan mazkur taklif qo‘llab-quvvatlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.05.2022
- Ko'rishlar: 2721
- Chop etish