Joriy yilning 23-may kuni Farg‘ona shahrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan “Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Lyublyana tavsiyalari va O‘zbekistonning millatlararo totuvlik sohasidagi siyosati” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatining maqsadi - davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarini YeXHTning Lyublyana tavsiyalari va turli jamoalarning integratsiyasini ta’minlaydigan siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar va amaliy tavsiyalar bilan xabardor qilishdir.
Tadbirda 30 nafardan ziyod davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etdilar.
Davra suhbati mobaynida tadbir ishtirokchilari tomonidan integratsiya tamoyillari va siyosati me’yoriy bazasining tarkibiy elementlari, integratsiya siyosatining asosiy yo‘nalishlari – turli mamlakatlarning ilg‘or tajribalaridan misollar, integratsiyaning ustuvor yo‘nalishlari va samarali integratsiya jarayonlaridagi muammolar yuzasidan suhbat olib bordilar va mazkur masalalar yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.
O‘zbekiston YeXHT va uning tuzilmalari bilan turli darajalarda hamkorlik qilib, turli masalalar, shu jumladan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida siyosatni mustahkamlash yuzasidan ilg‘or tajribalar almashib kelmoqda.
Respublikamizda millatlararo vaziyatni yaxshilash, madaniy xilma-xillikni rivojlantirishga nodavlat notijorat tashkilotlar ham katta hissa qo‘shmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 152 ga yaqin milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning o‘ziga xos madaniyati, tili, xalq hunarmandchiligi rivojlanib, ular madaniyatlarning o‘zaro boyitilishiga, har birimizda ko‘p millatli yagona oilaning his-tuyg‘ularni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.
Tadbir jarayonida O‘zbekistonda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin o‘zaro manfaatli hamkorlik prinsipi asosida chuqur o‘ylangan, amaliy tashqi siyosat yuritish, mintaqa muammolarini birgalikda hal etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani to‘g‘risida alohida ta’kidlab o‘tildi.
YeXHT vakillari O‘zbekiston Respublikasida millatlar va konfessiyalararo munosabatlarni rivojlantirish jarayonlari bilan yaqindan tanishib o‘tdilar.
Tadbir ishtirokchilari jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida turli millatlarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha tajriba almashdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.05.2022
- Ko'rishlar: 3186
- Chop etish