Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 8-dekabr — Konstitutsiya bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida mamlakat asosiy qomusiga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligi haqida gapirgandi.

 16-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonini boshlash taklifi bilan chiqqan edi. 17-may kuni konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish borasidagi qaror loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov O‘zbekistonning bugungi rivojlanish bosqichi yangi konstitutsiyani taqozo qilayotganligini aytgandi.

20-may kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, uning tarkibi va vazifalari belgilandi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabrda qabul qilinganidan buyon unga 16 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.