Qiynoqqa qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kursi tinglovchilariga sertifikatlar topshirildi

Xabar  berilganidek, 26 may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi boshlandi.

O‘quv kursida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturasi tizimidagi xodimlar ishtirok etdi.

27 may kuni soha mutaxassislari ishtirokida qator dolzarb mavzular bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Ma’ruzachilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning izchil davom ettirilishini ta’kidlar ekan, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarurligiga e’tiborni qaratgani haqida atroflicha to‘xtaldilar.

Davlatimiz rahbari, avvalambor, Oliy Majlis palatalari va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi zimmasiga qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan o‘z takliflarini ishlab chiqish vazifasini yukladi. Bunda Ombudsman tomonidan har choraqda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilab berildi.

Shu bilan birga, islohotlarning amaldagi bosqichi qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, u bilan bog‘liq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona ko‘rib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish bo‘yicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish ishlarini davom ettirish masalasini kun tartibiga qo‘yildi.

Ayni chog‘da, mazkur dolzarb masala Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida o‘z aksini topdi. Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida ham bu borada aniq vazifalar nazarda tutildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, mamlakatimizda 26 iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni har yili nishonlanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini o‘tgan yilning xuddi shu kuni qabul qilgani kelgusida mazkur sananing biz uchun milliy va xalqaro darajadagi tarihiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Ushbu qaror Prezidentimizning dasturiy ma’ruza va nutqlari, shuningdek, Milliy strategiya hamda Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qabul qilingan. Qarordan ko‘zlangan maqsad – BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy priventiv mexanizmlarni takomillashtirishdan iborat.

Prezidentimiz qarorida nazarda tutilgan yangilanishlar amaliyotga o‘z vaqtida va to‘liq joriy qilinishi, shubhasiz, mamlakatimizning ushbu yo‘nalishdagi islohotlari natijalariga xalqaro hamjamiyatning ijobiy fikrlarini shakllantirishga xizmat qiladi.

 O‘quv kursi yakunida mutaxassislari ishtirokida qator dolzarb mavzular bo‘yicha o‘tkazilgan mashg‘ulotlardan so‘ng test olindi. Shu asosda o‘quv kursi tinglovchilariga sertifikatlar topshirildi.

 

  Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech