Ispaniyadan munosabat: Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalarini amalga oshirish mamlakatni modernizatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi
MADRID, 26-may. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning Barselona shahrida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va mamlakatimizning savdo-iqtisodiy hamda sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda Ispaniyaning tegishli vazirlik va idoralari, mamlakatimiz bilan hamkorlik qilish istagida bo‘lgan yirik kompaniyalar, ekspertlar va tahlil markazlari, shuningdek, Kataloniya ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etishdi.
Taqdimot qatnashchilariga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy maqsad va vazifalari, ularni amalga oshirish mexanizmlari haqida batafsil so‘zlab berildi.
Jumladan, Ispaniya tomoni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, yangi texnologiya jihozlari bilan taʼminlash, qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishtirildi. Xususan, mamlakatimizdagi erkin industrial-iqtisodiy zonalarda yaratilgan shar-sharoitlar, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, xorijiy sarmoyadorlar uchun taqdim etilgan keng imtiyoz va imkoniyatlar alohida qayd etildi.
O‘z navbatida, Kataloniya hukumati va ishbilarmon doira vakillari O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal rivojlanib borayotganini yuqori baholab, o‘zbek kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdilar.
Xususan, Yevroosiyo biznes-alyansi Bosh direktori Eduard Gulyan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, shubhasiz, yangi marralarni zabt etishga imkon berishini taʼkidladi.
Uning aytishicha, O‘zbekiston bugungi kunda mintaqadagi barqaror rivojlanayotgan davlatlardan biridir. Iqtisodiy o‘zgarishlar haqida gap borar ekan, rivojlangan ichki infratuzilma, yuqori malakali mutaxassislar, shuningdek, sarmoyadorlar uchun hukumat tarafidan yaratib berilayotgan imtiyozlar, boshqa mamlakatlar bozoriga kirish imkoniyatining mavjudligi O‘zbekistonni yana-da jozibador mamlakatga aylantirmoqda.
Barselona savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti Antoni Fito O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan jadal iqtisodiy islohotlarni qayd etgani barobarida mamlakatimizning «GSP +» maqomiga erishgani Toshkent va Madrid o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirishning muhim omili bo‘layotganini qayd etdi.
Barselona savdo-sanoat palatasi boshqaruvchi direktori Yeva Borras so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy tomondan rivojlanishda yuksak cho‘qqilarni zabt etganini, xalq farovonligini oshirishda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishganini eʼtirof etdi. Uning taʼkidlashicha, O‘zbekiston milliy davlatchilikni mustahkamlash va xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga qaratilgan kuchli va samarali davlatni barpo etish yo‘lida sobitqadamlik bilan odimlamoqda.
Tadbir yakunida O‘zbekiston va Kataloniya ishbilarmon doiralari vakillari, vazirlik va idoralar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.
- Qo'shildi: 30.05.2022
- Ko'rishlar: 4002
- Chop etish