31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi majlisida Toshkent shahrida yashovchi fuqaro M.Hasanovaning Fuqarolik kodeksi 197 va 206-moddalari hamda Uy-joy kodeksi 11 va 27-moddalari normalari, uning fikricha, konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgani, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emasligi va sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib bo‘lingan deb hisoblab, ularning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi shikoyati muhokama qilindi.
Konstitutsiyaviy sud majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i Otabek Norboev ishtirok etib, ko‘rilayotgan masalaga doir o‘z nuqtai nazarini bayon etdi.
Markaz vakili murojaatda ko‘tarilgan masala juda jiddiy va dolzarb muammolardan biri hisoblanishi, bundan bir necha yillar oldin fuqarolarimizning uy-joy va boshqa turdagi ko‘chmas mulklari joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari bilan buzib tashlanib, yetkazilgan moddiy zarar, kompensatsiya pullari to‘lab berilmasdan, buzilgan ko‘chmas mulklar o‘rniga teng miqdordagi mulk bilan ta’minlanmasdan qolganligi, bundan ayrim fuqarolarning haqli noroziliklari kelib chiqqanini qayd etdi.
Shuningdek, u bu borada Milliy markaz tomonidan 2020-2021 yillar davomida mazkur masalani hal qilish vakolatiga ega mas’ul idoralarga tegishli taklif va tavsiyalar kiritilganligi to‘g‘risida alohida to‘xtaldi. Ayni masala yuzasidan Konstitutsiyaviy sudning tegishli qarori qabul qilinishi maqsadga muvofiqligi yuzasidan fikr bildirdi.
Sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Oliy sud va Bosh prokuratura vakillari ham ko‘rilgan masala yuzasidan o‘z fikr va muloxazalarini bildirdilar.
Konstitutsiyaviy sud mazkur ishni mustaqillik, kollegiallik, oshkoralik, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi prinsiplari asosida ko‘rib chiqib, tegishli qaror qabul qildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati
- Qo'shildi: 31.05.2022
- Ko'rishlar: 3415
- Chop etish