3 iyun kuni Toshkentda uch kun davom etgan "Ozodlikdan mahrum qilish joylarida gender zo‘ravonlikning oldini olish va uni bartaraf etish" mavzusidagi trening yakunlandi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining "O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimini barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish" qo‘shma loyihasi doirasida o‘tkazilgan treningda mamlakatimiz penitensiar muassasalari xodimlari ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilish, bu boradagi xalqaro standartlar, “jinsiy zo‘ravonlik” tushunchasi, ozodlikdan mahrum qilish joylarida zo‘ravonlikning oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Turli tashkilot va muassasalar vakillarining ayni sohada o‘zaro hamkorlikda ish olib borish imkoniyatlari tahlil etildi.
Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.06.2022
- Ko'rishlar: 3603
- Chop etish