Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai hisoblangan Asosiy Qonunimiz fuqarolarimizning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ta’minlab, jamiyatimizni demokratik asoslarda rivojlantirish, davlatimizning taraqqiy ettirishga xizmat qilib kelmoqda.
Shu bilan birga keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonni shakllantirish va yanada jadal sur’atlarda yuksaltirish Konstitutsiyamizning davr talablariga javoban yanada takomillashtirish zaruratini tug‘dirdi. Shu kunlarda Asosiy Qonunimizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan juda ko‘p takliflar kelib tushmoqda.
Ma’lumki, Konstitutsiya qonun-qoidalariga qat’iy amal etilishini ta’minlash maqsadida Konstitutsiyaviy sudlar tashkil etiladi. Konstitutsiyaviy sudlar birinchi marta 1920 yilda Avstriya va Chexoslavakiyada ta’sis qilingan edi. Ikkinchi jahon urushidan keyin esa 1951 yilda Germaniya Federativ Respublikasida, 1958 yilda Fransiyada, so‘ng boshqa mamlakatlarda ham paydo bo‘ldi. Hozirgi paytda jahonda ularning soni ko‘p.
Konstitutsiyaviy sud davlat hokimiyatining sud tarmog‘iga taalluqli bo‘lib, uning vakolatiga huquqiy normalarning Konstitutsiyaga muvofiqligini baholash kiradi. Konstitutsiyaviy sud barcha boshqa sudlardan farqli ravishda qonunlar yoki boshqa huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga nomuvofiqligi holatlarida ularni bekor qilish huquqiga egadir.
Jumladan, Germaniya Federal konstitutsiyaviy sudining asosiy vazifasi davlat yoki yirik korporatsiyalar mamlakatning Asosiy qonunini buzilmayotganligini tekshirishdan iboratdir. Bunda asosiy e’tibor fuqarolarning asosiy – inson qadr-qimmati, kasbni va ish joyini erkin tanlash, mol-mulkka ega bo‘lish kabi huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Germaniya Federal konstitutsiyaviy sudining tarkibi har biriga 8 tadan sudya kiradigan ikki senatdan iboratdir. Senatlar bir-biriga bo‘ysunmaydi. Federal konstitutsiyaviy sud sudyalari siyosiy partiyalarning takliflari asosida qayta saylanish huquqisiz 12 yilga saylanadi. Germaniya Federal konstitutsiyaviy sudining har ikki senati yiliga 6 mingtaga yaqin arizalar qabul qiladi. U ta’sis etilgandan o‘tgan 60 yil davomida ana shunday 137 mingta ishni ko‘rib chiqqan.
Shu bilan birga ayrim mamlakatlarda Konstitutsiyaviy kengashlar mavjuddir. Xususan, Fransiyaning Konstitutsiyaviy kengashi 1958 yilda tashkil etilgan. Uning vazifalari boshqa davlatlardagi konstitutsiyaviy sudlarga o‘xshash, biroq vakolatlar va vazifalarda jiddiy tafovutlar mavjuddir. Masalan, Kengash amaldagi qonunlarni bekor qilish huquqiga ega emas. Shuningdek, Konstitutsiyaviy kengash qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini o‘z tashabbusi bo‘yicha tekshira olmaydi. Bu masala bo‘yicha faqat mamlakat Prezidenti, Bosh vaziri, Senat va Milliy kengash raislarigina konstitutsiyaga muvofiqlikni tekshirish to‘g‘risida so‘rov berish huquqiga egalar.
Kengash huquqiy hujjatlar – qonunlar yoki qonunosti xujjatlar maqomi hamda qonunchilik va ijro hokimiyati o‘rtasidagi vakolatlarni chegaralash masalalarini hal qiladi, mamlakat Prezidenti saylovlari o‘tkazilishini nazorat qiladi. U mazkur saylovlarning yakunini belgilaydi, Prezident adolatli saylanganligini e’lon qiladi, ana shu lavozim bo‘sh bo‘lgan holatlarda davlat rahbarini belgilash tartibini hal etadi. Shu bilan birga Kengash referendumlarni o‘tkazadi va ular yakunlarini chiqaradi, deputatlar va senatorlar to‘g‘ri saylanganligi to‘g‘risida qarorlar chiqaradi. Shu bilan birga Konstitutsiyaviy kengash Fransiya Prezidentini mamlakatda favqulodda holat e’lon qilish masalasi yuzasidan maslahatlar beradi.
Yuqorida qayd etilganlardan Konstitutsiyaviy kengash Konstitutsiyaga amal etilishini ta’minlash kafolatiga egaligini anglatmaydi. Chunki bu huquq Fransiya Konstitutsiyasining 5-moddasiga muvofiq mamlakat Prezidenti vakolatiga kiradi. Shu bilan birga Konstitutsiyaviy kengashning qarorlari bekor qilinishi mumkin emas, bu qarorlar hokimiyat, ma’muriy sud organlari uchun majburiydir.
Yuqoridagi xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi vakolatlarini kengaytirish masalasini kiritish maqsadga muvofiq, degan fikrdamiz. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi amaldagi Qonunda Konstitutsiyaviy sudning Oliy Majlisi palatalari qarorlari, Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari, davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash, Konstitutsiya va qonunlar normalariga sharh berish, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qo‘llanilgan va Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lmagan qonunda buzilgan deb hisoblovchi fuqarolar hamda yuridik shaxslarning shikoyatlarini ko‘rib chiqish vakolatlari berilgan.
Biz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi vakolatlarini mamlakat Prezidenti saylovlari o‘tkazilishini nazorat qilish, mazkur saylovlarning yakunini belgilash, Prezident adolatli saylanganligini e’lon qilish, umumxalq referendumlarini o‘tkazish va ular yakunlarini chiqarish, deputatlar va senatorlar to‘g‘ri saylanganligi to‘g‘risida qarorlar chiqartshni kiritishni takliya qilamiz.
Erkin ERNAZAROV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining bosh muhariri,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 06.06.2022
- Ko'rishlar: 3550
- Chop etish