TOSHKENT, 4-iyun. /“Dunyo”AA/. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Parlamentlararo Ittifoq va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda hamda Parlamentarizmni rivojlantirish “Agora” hamjamiyati ishtirokida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament quyi palatasi maʼlumotiga ko‘ra, Uchinchi Global parlament maʼruzasi taqdim etildi.
Onlayn formatdagi mazkur tadbirda Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi M.Chungong, BMT Taraqqiyot dasturi rahbari A Shtayner, 26 mamlakat parlamentlari hamda boshqa parlament tuzilmalari vakillari qatnashdi.
Parlament ishida jamoatchilik ishtiroki, jamoatchilikni jalb qilish tendensiyalari masalalari, shuningdek, maʼruzaning xulosa va tavsiyalari ko‘rib chiqildi. Parlamentlar uchun jamoatchilik bilan munosabatlarni kengaytish borasida tavsiya hamda g‘oyalar taqdim etildi.
Tadbir doirasida to‘rtta mavzuiy sessiya bo‘lib o‘tdi. Jamoatchilikni jalb qilishdagi muhim tendensiyalar sharhlab berildi. Qatnashchilar «Hech kimni ortda qoldirmaslik» dasturida uzluksiz hamda inklyuziv ishtirok etishning jihatlarini muhokama qildilar.
Shuningdek, parlamentlarning jamoatchilik bilan munosabatlarga kirishdagi salohiyatini oshirish yuzasidan onlayn o‘quv o‘tkazildi. Yoshlarni parlament ishida faollik ko‘rsatishga rag‘batlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Anjuman davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov jamoatchilikni parlament faoliyatiga jalb qilish borasidagi milliy tajriba xususida so‘z yuritdi. Shu jumladan, bunda anʼanaviy hamda axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishning samarali usullari haqida to‘xtalib o‘tdi.
- Qo'shildi: 06.06.2022
- Ko'rishlar: 3342
- Chop etish