2022 yil 15 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rahbariyati va Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya a’zolari bilan “Vatanni sevmoq iymondandir” mavzusidagi insholar tanlovi Respublika ishtirokchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar ongiga Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik hissini singdirish, ularda yot g‘oya va qarashlarning salbiy ta’siriga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha samarali ishlar qilinmoqda.
Mazkur tanlov — talabalarni yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni teran idrok etishi, ularda ijodiy, tanqidiy, notiqlik, moslashuvchanlik, o‘z fikrini yetkazib bera olish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil qilingan. Eng muhimi, “Vatanni sevmoq iymondandir” mavzusidagi insholar tanlovi iqtidorli, intiluvchan, ijodkor talaba-yoshlarni aniqlash imkonini bermoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yoshlarda katta taassurot qoldirishi bilan birga, qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi. Xususan, ular mamlakatimiz parlamenti faoliyatiga oid ko‘plab savollariga javob oldilar.
O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi, 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan Kitobxonlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, yoshlar muammolari va ularni qiynayotgan muammolarni bevosita davlat darajasida ko‘rib chiqish va hal etish imkoniyatlari haqida yoshlarga batafsil ma’lumotlar berildi.
Bundan tashqari, yoshlarga qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularni Qonunchilik palatasi tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqish, yalpi majlis muhokamalariga tayyorlash va qonun loyihasini qabul qilish jarayonlari xususida so‘zlab berildi.
Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari ayni vaqtda yurtimizda qizg‘in kechayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni haqida ham keng ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 20 may kuni Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma qarori bilan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va o‘z faoliyatini boshladi. Mazkur Konstitutsiyaviy komissiya o‘z ishini samarali olib borishi maqsadida keng jamoatchilik, fuqarolarning fikr-mulohazalari va takliflarini umumlashtirishga, qolaversa, jahon tajribasini o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Bundan tashqari, Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha joriy yilning 24 may kunidan boshlab “taklif@meningkonstitutsiyam.uz” yoki “taklif@2022.uz” elektron pochtalari orqali takliflarni qabul qilish ishlari boshlandi, 26 may kunidan boshlab esa, elektron pochtadan tashqari, “www.meningkonstitutsiyam.uz” onlayn platformasi, telegram maxsus boti, 1341 qisqa raqamli “call-markaz” singari vositalar ishga tushirildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta kanallar tashkil qilindi. Fuqarolar takliflarini o‘z hududlaridagi mahallalar va Xalq deputatlari mahalliy Kengashiga og‘zaki yoki yozma shaklda bildirishi uchun sharoitlar yaratildi.
Tadbir ishtirokchilari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlislar zali, kutubxonasi, parlament muzeyi bilan yaqindan tanishdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 16.06.2022
- Ko'rishlar: 4621
- Chop etish