HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI

Joriy yil 20 iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumga ko‘ra, milliy va jahon ilm-fani, madaniyati va ta’limining rivojlanishi, hamda yagona axborot makonini yaratish va qo‘llab-quvvatlash yo‘lida kutubxonalar salohiyatidan o‘zaro hamkorlikda foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, ilm-fan va ta’limni yuksaltirish doirasida seminarlar, taqdimotlar tashkil qilish mo‘ljallanmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi “Inson huquqlari uyi” yetakchi mutaxassisi Malika Tolipovaning aytishicha, Memorandum ijrosi doirasida inson huquqlari sohasiga oid milliy va xalqaro nashrlar hamda yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalari bilan almashish, ilm-fan, ta’lim va madaniyatda axborot-kutubxona amaliyotining barcha jarayonlarini maqbullashtirish bo‘yicha axborot-kutubxona sohasi mutaxassislari birgalikda samarali ishlashi uchun zamin yaratiladi.

Shu bilan birga, ilmiy loyihalarni hamkorlikda bajarish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish belgilangan.

Tadbir doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr etilgan inson huquqlariga oid yangi adabiyotlar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga taqdim etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech