Har qanday huquqiy demokratik davlatda inson huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat deb tan olinar ekan, konstitutsiyalarida eng muhim qoidalar sifatida belgilanadi. Bu sohada xalqaro hujjatlarda umume’tirof etilgan tamoyil va standartlar mavjud.
Xususan, 1948 yili qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi, 1966 yili qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi, Iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktlarda inson huquqlari va erkinliklari va ularni muayyan holatlarda cheklash bo‘yicha ham qoidalar aks ettirilgan.
Ushbu qoidalar qonuniylik, maqsadga muvofiqlik va zaruriyat tamoyillaridan kelib chiqib qo‘llanadi. Xususan, qonuniylik tamoyili insonning huquqlari va erkinliklarini faqat qonuniy asosda cheklash mumkinligini bildirsa, maqsadga muvofiqlik tamoyili bo‘yicha cheklashda xalqning roziligini ifodalaydi. Davlatning shaxsning huquqlari, erkinliklari va manfaatlariga aralashuvi zaruriyat tamoyili asosida amalga oshiriladi. Bunda shaxsga yetkaziladigan zarar o‘rnini qoplash masalasi diqqat-markazida bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida shaxsning huquq va erkinliklari davlat tomonidan kafolatlanishi va himoya qilinishi belgilangan bo‘lsa ham, Asosiy qonunning o‘zi hamda qonunchilik hujjatlarida inson huquq va erkinliklarini cheklashga oid qoidalar mavjud.
Bu nima uchun kerak va qanday tarzda amalga oshiriladi?
Birinchidan, boshqa shaxslarning huquqlariga zarar yetkazmaslik uchun cheklovlar o‘rnatish. Masalan, qarzdorga nisbatan sud va boshqa organlarning hujjatlariga asosan ijro ishi yuritish jarayonida ushbu organlar tomonidan belgilangan cheklovlar. Xususan, O‘zbekiston Respublikasidan chiqishiga vaqtincha cheklov joriy qilinishi yoki davlat ijrochi tomonidan qarzdorning hisob-varag‘ida saqlanayotgan pul mablag‘larini xatlanishi uning o‘z hisob-varag‘idan foydalana olmasligi shular jumlasidandir.
Ikkinchidan, shaxs tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik yoki jinoyi qilmishi uchun jazo sifatida belgilash. Bu cheklashlar sud qarori yohud hukmi asosida amalga oshiriladi. Xususan, shaxsni ma’muriy qamoqqa olish, O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish (chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi), muayyan huquqdan mahrum qilish (masalan, avtotransport vositasini haydash huquqidan yoki ma’lum sohada (lavozimda) ishlashdan vaqtincha mahrum qilish cheklash), ozodlikdan cheklash yoki mahrum qilish bilan bog‘liq jazolar shular jumlasidandir.
Uchinchidan, davlat xavfsizligi va jamoat tartibotini saqlash maqsadida qo‘llaniladigan cheklovlar. Xususan, pandemiya e’lon qilingan davrda karantin joriy etilishi munosabati bilan shaxslarning erkin harakatlanishining cheklanishi yoki favqulodda vaziyat joriy qilingan hududlarda ma’lum vaqt doirasida ayrim harakatlarning cheklanishi shular jumlasidandir.
Muhokama jarayonida bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasida inson huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat sifatida tan olinishi, doirasining keng qilib belgilanishi konstitutsiyaviy qoidalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini to‘liq bajarilishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, insonlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari davlat va jamiyat hamda boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid bo‘lmasligini ta’minlash uchun Asosiy qonunimizda insonning huquq va erkinligi faqat qonun bilan cheklanishini belgilash maqsadga muvofiq.
Saxipjamal DJOLDASOVA,
yuridik fanlar doktori
- Qo'shildi: 21.07.2022
- Ko'rishlar: 7491
- Chop etish