YUVENAL YUSTITSIYA INSTITUTINI TAKOMILLASHTIRISH ISTIQBOLLARI

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institut bilan xamkorlikda “Konstitutsiyaviy isloxotlar sharoitida yuvenal yustitsiya institutini mustahkamlash” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

 

Unda deputatlar, senatorlar, xalqaro va milliy ekspertlar, Oliy sud, Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyalari, Sudyalar oliy maktabi, Advokatlar palatasi, Yoshlar ishlari agentligi, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari qatnashdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, davra suhbatining dolzarbligi va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, bugungi kunda yuvenal yustitsiya voyaga yetmaganlarga nisbatan yuritilayotgan odil sudlovning umume’tirof etilgan xalqaro standarti hisoblanishi, milliy qonunchiligimizda uning huquqiy hamda institutsional asoslari mavjudligi, o‘z navbatida, hozirda yurtimizda qizg‘in kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida ushbu institutning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash masalasi muhim o‘rin egallashiga urg‘u berdi.

Tadbirda yuvenal yustitsiya tizimida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning roli, O‘zbekistonda yuvenal yustitsiyaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish istiqbollari, konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida yuvenal yustitsiya insti­tutini mustahkamlash zarurati, xorijiy tajriba va xalqaro standartlar kabi masalalarga doir ma’ruzalar tinglandi.

Ta’kidlanganidek, bugun Prezidentimiz boshchiligida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir, shu jumladan, Bosh qomus, Oila, Fuqarolik, Mehnat, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar, “Bola huquqdarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunlar hamda boshqa qator normativ-huquqiy hujjatlardagi huquqiy asoslar muntazam takomillashtirib borilmoqda.

Shuningdek, ayni konstitutsiya­viy islohotlar davrida Bosh qomusimizga bola huquqlariga doir 10 ta asosiy o‘zgartish va qo‘shimcha kiritilmoqda. Amaldagi Konstitutsiyaning 2 ta moddasida atigi 4 marotaba “bola” so‘zi ishlatilgan bo‘lsa, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar tufayli 7 moddada 15 marotaba “bola” so‘zi qo‘llanilmoqda.

Tadbirda qayd etilganidek, 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi 4 ta maqsad bolalar himoyasi masalalariga qaratilgan. Xususan, “Qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash” deb nomlangan 14-maqsadda “Yuvenal adliya tizimini shakllantirish hamda bola huquqdari qonunchiligini kodifikatsiyalash” vazifasi belgilangan.

E’tiborli jihati, yuvenal yustitsiya ko‘plab xalqaro hujjatlarda bola huquqlarini ta’min­lash sohasidagi asosiy institut sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Xalqaro standartlar va xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda mamlakatimizda yuvenal yustisiyaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish istiqbollarini aniqlash, shu jumladan, uning konseptual va bazaviy asoslarini Konstitutsiyada mustahkamlash — bu boradagi milliy amaliyotning rivojlanishiga zamin yaratadi.

Buning uchun esa O‘zbekistonda yuvenal yustitsiya bo‘yicha milliy qonunchiligimizni va huquqni qo‘llash amaliyotini ilmiy-nazariy jihatdan chuqur o‘rganish, rivojlangan demokratik mamlakatlarda samarali qo‘llanilayotgan yuvenal yustitsiya modellarini tahlil qilib, ularning ma’qul tomonlarini aniqlash, milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.

Davra suhbati yakunida muhokamalarda bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, Konstitutsiyaviy komissiyaga yuborish xususida kelishib olindi hamda mazkur sohani rivojlantirishga oid tadbirlarni amalga oshirishda parlament, davlat organlari, noodavlat tashkilotlar va ilmiy hamjamiyat hamkorligini keng yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi haqida xulosaga kelindi.

«Xalq so‘zi».

Powered by GSpeech