Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining siyosiy masalalar va Yevropa, Markaziy Osiyo va Amerika bo‘yicha yordamchisi M.Encha bilan BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot, uning asosiy ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Jamiyatning keng qatlamlari, birinchi navbatda, yoshlar ishtirokida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy jarayonning ochiq va oshkoraligiga alohida e’tibor qaratildi. Konstitutsiyaviy islohotning umumxalq muhokamasi mobaynida keng jamoatchilikdan ko‘plab taklif va murojaatlar kelib tushgani ma’lum qilindi.
Mamlakat Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning shaxsiy tashabbusi bilan davlatimiz tarixida birinchi marta konstitutsiyaviy qonun ijodkorligi sohasida noyob tajriba bo‘ladigan konstitutsiyaviy referendum o‘tkazilishi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan, mezbon tomonga O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan referendumda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish taklifi berildi.
BMT Bosh kotibi yordamchisi mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotning borishi haqida berilgan batafsil ma’lumot uchun minnatdorlik bildirdi.
Suhbatdosh davlatimiz delegatsiyasining tashrifi maqsadlari haqida to‘xtalar ekan, Nyu-Yorkda olib borilayotgan faol axborot ishlari nafaqat BMT Kotibiyati, balki a’zo davlatlar uchun ham O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan va oldindagi muhim siyosiy voqealardan xabardorlik uchun muhimligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan, BMT a’zo davlatlari uchun konstitutsiyaviy islohotga bag‘ishlangan brifingni olqishladi.
M.Encha O‘zbekistonning Bosh qomusiga o‘zgartish va qo‘shimchalarni aholining fikr va takliflarini inobatga olgan holda umumxalq muhokamasini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini mamnuniyat bilan qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimizning bu boradagi tajribasi juda muhim. U yoshlar masalasida tomonlarning qarashlari mushtarak ekanini va bu hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanishi kerakligini ta’kidladi.
Bosh kotib o‘rinbosari O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi o‘zaro tushunish va hurmat tamoyillariga asoslangan aloqalarning bugungi darajasini yuqori baholadi.
– Bu O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoev va Bosh kotib A.Guterrish o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stona munosabatlar tufaylidir, – dedi M.Encha.
Uning fikricha, A.Guterrishning 2017 yilda Markaziy Osiyo bo‘ylab safari doirasida O‘zbekistonga tashrifi, shuningdek, global tashkilot Bosh kotibi sifatidagi faoliyatining dastlabki olti oyi mobaynida Samarqand va Orolbo‘yi mintaqasida bo‘lgani ikki tomonlama munosabatlardagi muhim voqea bo‘ldi.
M.Encha ta’kidlaganidek, A.Guterrish o‘z tashrifi davomida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi geosiyosiy muhitning guvohi bo‘ldi.
Bosh kotib yordamchisi Bosh kotib o‘rinbosari Amina Muhammadning joriy yil iyun oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlarini yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida M.Encha BMT O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini yana bir bor tasdiqladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 03.08.2022
- Ko'rishlar: 6019
- Chop etish