Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 1-son tergov hibsxonasiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr etilgan yuzdan ortiq huquqiy adabiyotlar hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining so‘nggi sonlari beg‘araz taqdim etildi.
Joriy yilning 9 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi JIED birinchi mintaqaviy hudud 1-son tergov hibsxonasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari Hamidulla Mo‘minov va Lazizbek Xoliqulov, shuningdek tergov hibsxonasi rahbariyati vakillari va xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar o‘zlarining qonuniy haq-huquqlaridan foydalanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash maqsadida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy chora-tadbirlar haqida fikr almashildi.
Shundan so‘ng, Milliy markaz xodimlari hibsxona mas’ullariga o‘zlari bilan olib kelgan 100 dan ortiq huquqiy adabiyotlar hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining so‘nggi sonlari jamlanmasini topshirdi hamda muassasadagi kutubxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
“Hozirda tergov hibsxonasida 2 ta kutubxona tashkil etilgan, – dedi tergov hibsxonasi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Faxriddin Najimov. – Katta kutubxonamizda 4000 ga yaqin siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ilmiy va badiiy kitoblar mavjud. Kutubxonada tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar mutolaa bilan mashg‘ul bo‘lishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, muassasa xodimlari, ya’ni shaxsiy tarkib uchun ham alohida kutubxona tashkil qilingan bo‘lib, uning fondi 800 dan ortiq kitoblar bilan to‘ldirilgan. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan beg‘araz taqdim etilgan nashrlar kutubxonalarimizni yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun samimiy minnatdorlik bildiraman”.
Kitob – ziyo quyoshi deyishadi. Bu kabi tadbirlar esa yurtimizning barcha muassasalari ziyo nurlari bilan yanada munavvar bo‘lishiga hissa qo‘shadi.
Hamidullo MO‘MINOV,
Axborot kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” bosh mutaxassisi
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 11.08.2022
- Ko'rishlar: 5349
- Chop etish