O‘zbekiston Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi

JENEVA, 7-sentyabr. /“Dunyo” AA/. 31-avgust – 1-sentyabr kunlari BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 91-sessiyasi doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasi qoidalarining bajarilishi bo‘yicha O‘zbekistonning beshinchi davriy maʼruzasi ko‘rib chiqildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya (BHK) 1989-yil 20-noyabrda kuni qabul qilingan bo‘lib, dunyoning 196 mamlakati uning qatnashchilari hisoblanadi. O‘zbekiston ushbu hujjatga 1992 yil 9 dekabrda qo‘shilgan.

O‘zbekistonning BHK qoidalarini bajarishi bo‘yicha birinchi milliy maʼruzasi 2001 yil oktyabr oyida, ikkinchisi – 2006-yil mayida, uchinchi va to‘rtinchi qo‘shma maʼruzalar - 2013 yilning may oyida ko‘rib chiqilgan.

Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mita Konvensiya qoidalarining barcha ishtirokchi davlatlar tomonidan bajarilishini kuzatib boradi. Uning aʼzolari 18 mustaqil ekspertlardan iborat bo‘lib, ular o‘z ishlarini shaxsiy xolislikda amalga oshirishadi, yaʼni ular o‘z hukumatlarining vakili sifatida faoliyat ko‘rsatishmaydi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Oliy sud, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, xalq taʼlimi vazirliklari hamda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi vakillari joy oldilar.

Muloqot juda konstruktiv tarzda kechdi. Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaning hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tuzilmalar aʼzolari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalardagi chuqur islohotlardan yuksak xabardorligini namoyon etdilar.

Ikki kunlik tadbir davomida BHK aʼzolari tomonidan Konvensiya qoidalarining bajarilishi va tegishli qonunchilik asoslari qabul qilinishi bo‘yicha 200 ga yaqin savollar berildi.

O‘zbekiston tomoni bola huquqlarini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, bolalarning eng muhim  manfaatlarini taʼminlash chora-tadbirlari, bolalarga nisbatan do‘stona odil sudlov tamoyillarini joriy etish, bolalar kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, bolalarning oilada yashashi va tarbiyalanishi, taʼlim olishlari, malakali tibbiy yordamdan foydalanishlari huquqlari, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha batafsil maʼlumotlar taqdim etilgani barobarida berilgan savollarga mufassal javoblar qaytarildi.

Umuman olganda, xalqaro ekspertlar davlatning mamlakatda bolalar huquqlarini ilgari surish bo‘yicha intilishini yuqori baholashar ekan, taqdim etilgan maʼruzaning har tomonlama keng qamrovligi, uning mazmundor va puxtaligi, shuningdek, muloqot davomidagi ochiq va konstruktiv yondoshuvi uchun O‘zbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik bildirdilar.

"Xalq so’zi" gazetasi

«Yangi O’zbekiston» gazetasi

 

Powered by GSpeech