Toshkentda Jahon parlamentlari ayol rahbarlarining sammiti bo’lib o’tmoqda

2022 yil 8 sentyabr kuni poytaxtimizda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti o’z ishini boshladi. O’zA xabar berishicha, Toshkent sammitida BMT, Parlamentlararo ittifoq va unga a’zo mamlakatlar parlamentlari palatalarining ayol-spikerlari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, 17 davlatdan 120 dan ortiq parlament vakillari ishtirok etmoqda. 

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan tadbir avvalida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu nufuzli anjuman ishtirokchilariga yo’llagan tabrigini Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o’qib eshittirdi.  

Prezidentimiz Parlamentlararo ittifoqning ko’p formatli maydoni xalqaro kun tartibidagi ko’plab dolzarb masalalarga samarali yechim topishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi hamda sammitning barcha ishtirokchilariga samarali faoliyat va muvaffaqiyatlar tiladi.

Davlatimiz rahbarining o’z murojaatida ta’kidlaganidek, "Bunday formatdagi uchrashuv O’zbekiston Respublikasida ilk bor o’tkazilmoqda. Buni mamlakatimizda, jumladan, parlamentarizm va gender siyosatni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan izchil demokratik islohotlar natijalarining xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirofi deb bilamiz".

Parlamentlararo ittifoq va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamkorligida tashkil etilgan ushbu xalqaro anjuman “Parlament yetakchiligi: barqarorlik va farovonlikni yanada samarali ta’minlashda xavf-xatarlarni baholash” mavzusiga bag’ishlangan.  

Sammitning maqsadi – COVID-19 pandemiyasi va u bilan bog’liq inqiroz oqibatlarini hisobga olgan holda, barqarorlik va farovonlikni samarali ta’minlash maqsadida gender tenglikni ta’minlash hamda xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish bo’yicha parlamentlar faoliyatining ustuvor yo’nalishlari va harakatlarini belgilashdan iborat.  

Sammitda ishtirok etayotgan Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong tvitterdagi rasmiy sahifasida sammit jarayonlari haqida o’z fikrini qoldirdi. M. Chungong O’zbekiston gender tenglikka sodiqligini ko’rsatganini e’tirof etdi, deyiladi Senat.uz sayti xabarida.

Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi mamlakatimizning mehmondo’stligini alohida qayd etar ekan, Parlamentlararo ittifoq O’zbekistonning mintaqada va global miqyosda gender tenglikni ta’minlash yo’lidagi izchil sa’y-harakatlari muhim natijalar berishiga ishonishini ma’lum qilgan.

Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti o’z ishini davom ettirmoqda.

 

Oydin IBROHIMOVA,

 Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi

Milliy markazi

matbuot xizmati xodimi


 

Suratlar muallifi: O’zA

 

Powered by GSpeech