Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi 14 – sammiti davom etmoqda. Unda ishtirok etayotgan siyosatchilar, ekspertlar, xorijiy va mahalliy parlament vakillari sammit haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda.
Sammit ishtirokchilarining ayrimlari bilan suhbatlashdik.
Favziya Zaynal: Bahrayn vakillar kengashi raisi
– Toshkentda ilk bor o‘tkazilayotgan bu sammitga juda ajoyib tayyorgarlik ko‘rilganligini, mehmonlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning yuksak darajada ekanligini alohida e’tirof etishni istardim. Buning uchun anjumanga mezbonlik qilgan O‘zbekiston davlati, Oliy Majlis Senati vakillariga chin dildan minnatdorchilik bildiraman.
Bu sammit siyosatda, jamiyatda faol bo‘lgan butun dunyo xotin-qizlarini bir joyga to‘plab, o‘zaro tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun muhim platforma bo‘ldi. Anjumanda parlament ayollari sifatida, ko‘plab muhim masalalarni muhokama qilyapmiz. Bu esa butun dunyo bo‘ylab xotin-qizlar muammolarining hal etilishi ularning faolligini ta’minlashga xizmat qiladi. So‘nggi ikki yil davomida COVID-19 pandemiyasi hammaga zarar yetkazdi. Ayniqsa, xotin qizlar bu jarayonda qiyin vaziyatlarni boshdan kechirdi. bugungi sammitda aynan pandemiyadan keyin jamiyatdagi muvozanatni tiklash, uning oqibatlarini bartaraf etishda ayollar rolini oshirishga doir fikr-mulohazalar bilan o‘rtoqlashdik.
Pandemiyaning oqibatlari va uni yengishimizda siyosatda, ijtimoiy hayotda faol bo‘lgan barcha ayollar birlashib, hamjihatlikda ish olib borishimiz juda muhim. Mana shunday uchrashuvlarning, xalqaro sammitlarning tashkil etilganligi ayni muddao bo‘ldi.
Akshagul Tulegenova: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
bugungi sammitni tarixiy voqea deyish mumkin. Boisi Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor O‘zbekistonda ana shunday yirik anjuman o‘tkazilmoqda. O‘tgan yili Venada bo‘lib o‘tgan sammitda keyingi uchrashuv O‘zbekistonda bo‘lishi belgilangan edi. Chunki yurtimizda so‘nggi yillarda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotimizda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar jahon hamjamiyati, shu bilan birga Parlamentlararo Ittifoqning e’tiborini tortdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda gender tenglik, xotin-qizlar masalasida juda katta o‘zgarishlar yuz berdi. Masalan, 2019 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 150 deputatning 48 nafarini, ya’ni 32 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Senatda esa bu ko‘rsatkich 25, mahalliy kengashlarda esa 32-35 foizni tashkil etadi. Hozirgi kundagi O‘zbekistondagi rahbar ayollar deyarli 30 foizga yaqinlashgan. Ayollarimiz orasidan vazirlar, elchilar, hokimlar, olimalar, professor, O‘zbekiston qahramonlari chiqyapti. Bu yurtimizda gender tenglikka ko‘rsatilgan yuksak e’tiborning samarasidir. Mana shunday o‘zgarishlar jahon e’tiborini tortdi va shuning natijasida Toshkent bugungi sammitga mezbonlik qilyapti.
Ma’lumki, Parlamentlararo Ittifoqqa dunyoning 180ga yaqin davlatlari a’zo hisoblanadi. O‘zbekiston ushbu Ittifoqqa 2017 yil a’zo bo‘lgan. O‘tgan qisqa davr ichida mazkur ittifoqning barcha tadbirlarida mamlakatimiz vakillari faol ishtirok etdi. Xususan, Oliy Majlisning to‘rtta deputati ushbu Ittifoqning a’zosidir. Masalan, Spikerimizning birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Parlamentlararo Ittifoq raisining vitse-prezidenti hisoblanadi. Uchta deputatimiz Ittifoqdagi turli qo‘mitalari a’zosi. Bu O‘zbekistonning katta yutug‘i. Mazkur Ittifoqqa mamlakatimiz vakillarining a’zo bo‘lishi O‘zbekistoning siyosiy maydondagi katta obro‘-e’tiborini ko‘rsatadi.
Sir emaski, pandemiya davrida eng og‘ir qiyinchiliklar tibbiyot xodimlarining zimmasiga tushdi. Bu sohada ishlayotganlarning aksariyatini xotin-qizlar tashkil etadi. Ular oylab uylariga bormasdan shifoxonalarda yashab, insonlar hayotini saqlash uchun mehnat qildi. Sammitda ana shunday og‘ir damlarni boshdan kechirgan insonlar hayotini yaxshilash, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning siyosiy, huquqiy savodxonligini oshirishga doir tajribalar o‘rtoqlashildi.
bugungi sammitdan kutilayotgan natija juda katta. Deyarli uch kun davom etadigan bu yirik tadbir natijasida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi. Bu deklaratsiya Parlamentlararo Ittifoqqa a’zo barcha davlatlarga o‘zining kelgusidagi ishida muhim reja bo‘ladi deb o‘ylaymiz.
Dorkus Acyen: Uganda va parlamentidagi ayollar vakili
Men birinchi navbatda O‘zbekistonga, xususan, Toshkentga ushbu sammitni o‘tkazish tashabbusi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bu sammit butun dunyodan parlament spiker ayollarni birlashtirdi. Umid qilamanki, bu sammit o‘z samarasini beradi. Olib borilayotgan ishlar barcha sohalarga emas, balki alohida yo‘nalishlarga ham ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, bizning mamlakatimizda parlament a’zolarining olib borgan sa’y-harakatlari, siyosiy islohotlari tufayli asosiy mahsulotlar tannarxini arzonlashtirish borasida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Shu bilan birga, voyaga yetmagan homilador qizlar, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan xotin-qizlar soni sezilarli darajada kamaymoqda.
Aslida, bu sammitga pandemiya bilan bog‘liq muammolarni muhokama qilish uchun keldik. Shundan kelib chiqib, kun tartibida COVID-19 ayollar va yosh qizlarning hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatgani muhokama qilindi. Bu yerda yig‘ilganlar o‘z davlatlarida pandemiya sharoitini yengib o‘tishdagi tajribalarini ham gapirib bermoqda.
Shuningdek, gender muammolarini muhokama qilish muhimligini qayd etishim kerak. Chunki pandemiya davrida ayollar va bolalar eng ko‘p zarar ko‘rdi. Ular uchun yetakchilik bilan shug‘ullanish va global miqyosda to‘g‘ri rejalarni ishlab chiqishga imkon berish yaxshidir.
O‘zA muxbiri
Go‘zal Sattorova yozib oldi
- Qo'shildi: 12.09.2022
- Ko'rishlar: 4954
- Chop etish